Germaniyaning Humboldt universiteti bilan Samarqand davlat chet tillar instituti o‘rtasida hamkorlik rivojlantirilmoqda

Samarqand davlat chet tillar institutida xorijlik talabalarga o‘zbek tili va madaniyatini o‘rgatish borasida ko‘p yillik boy tajriba shakllangan. Bugungi kunda dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurayotgan talabalar institutda tashkil etilayotgan o‘zbek tili va madaniyati kurslarida muvaffaqiyatli tahsil olib kelmoqdalar.

2025-yil 18-noyabr kuni Germaniyaning Berlin shahrida bo‘lib o‘tgan “Germaniya va O‘zbekiston birinchi rektorlar forumi” doirasida erishilgan kelishuvlarga muvofiq Humboldt universiteti bilan Samarqand davlat chet tillar instituti o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari izchil kengayib bormoqda. Mazkur hamkorlik ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ilmiy-tadqiqot, akademik almashinuv va ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Jumladan, Germaniyaning Humboldt universiteti talabalari ham uzoq yillardan buyon mazkur kurslarda muntazam ishtirok etib, o‘z bilim va ko‘nikmalarini boyitib kelishmoqda. An’anaga muvofiq, 2026 yilda ham germaniyalik talabalar Samarqand davlat chet tillar institutiga tashrif buyurdilar. Ular uchun tashkil etilgan yozgi maktab 28-mart kuni boshlanib, 10-aprelga qadar davom etadi. Ushbu davr mobaynida Humboldt universitetining 15 nafar talabasi o‘zbek tili va madaniyatini chuqur o‘rganish, shuningdek, o‘zbek milliy qadriyatlari va an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Dastur doirasida ishtirokchilar SamDCHTI sport klubi tomonidan tashkil etilayotgan o‘zbek milliy sport o‘yinlarida ham ishtirok etishmoqda. Ushbu loyiha Germaniyaning DAAD tashkilotining “Sharqiy hamkorlik” (“Ostpartnerschaften”) loyihasi granti asosida amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, loyiha doirasida 30-31-mart kunlari Samarqand davlat chet tillar institutiga Germaniyaning Humboldt universitetidan tashrif buyurgan Manya Shtefan (Manja Stephan) Roman-german tillari fakultetining Filologiya va tillarni o‘qitish: nemis tili yo‘nalishi talabalari uchun ma’ruza o‘qidi. Ma’ruzada professor Manya Shtefan Humboldt universitetining boy tarixi va an’analari, zamonaviy ta’lim dasturlari, ilmiy faoliyat yo‘nalishlari hamda xorijiy talabalar uchun mavjud stipendiya va grant imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati

Share:
2026-04-08 15:42:36 633