Samarqand davlat chet tillar instituti hamda Tinch okeani xalqaro mehmonxona menejmenti oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi

Samarqand davlat chet tillar institutida Yangi Zelandiyaning Tinch okeani xalqaro mehmonxona menejmenti oliy ta’lim muassasasi (Pacific International Hotel Management Institute — PIHMI) delegatsiyasi hamda institut rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda institut rektori B. Xoliqov hamda Tinch okeani xalqaro mehmonxona menejmenti oliy ta’lim muassasasi vakillari o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga doir masalalarni muhokama qilishdi. Mehmonlarga dastlab institutda amalga oshirilayotgan ta’lim jarayonlari va xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Tomonlar mehmonxona menejmenti va turizm yo‘nalishlarida qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, talabalar hamda professor-o‘qituvchilar almashinuvini kengaytirish, qisqa muddatli kurslar va malaka oshirish dasturlarini tashkil etish hamda Tinch okeani xalqaro mehmonxona menejmenti oliy ta’lim muassasasi dasturlarini masofaviy yoki qo‘shma shaklda joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar. 

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, Tinch okeani xalqaro mehmonxona menejmenti oliy ta’lim muassasasi Yangi Zelandiyada Shveytsariya modeliga asoslangan holda faoliyat yurituvchi, mehmonxona menejmenti yo‘nalishidagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, uning bitiruvchilari dunyoning 4 va 5 yulduzli nufuzli mehmonxonalarida faoliyat yuritadilar.

Uchrashuv yakunida Samarqand davlat chet tillar instituti hamda Tinch okeani xalqaro mehmonxona menejmenti oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Mazkur hujjat kelgusida qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish, akademik almashinuvni kengaytirish hamda xalqaro ta’lim loyihalarini rivojlantirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati

Share:
2026-04-08 15:57:27 611