Samarqand davlat chet tillar instituti delegatsiyasi Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi rezidensiyasida tashkil etilgan rasmiy marosimda ishtirok etdi

Tadbir doirasida Global Education Management Services (GEMS) (Xalqaro ta’limni boshqarish va akademik hamkorlikni amalga oshiruvchi tashkilot) hamda University of Greenwich (Grinvich universiteti) vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda institut rektori B. Xoliqov va Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor J. Nasrullayevlar hamkor tashkilotlar vakillari bilan o‘zaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish masalalarini muhokama qilishdi.

Muloqot davomida xalqaro qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, zamonaviy ta’lim standartlarini joriy etish, talabalar uchun xalqaro darajadagi imkoniyatlarni kengaytirish hamda akademik hamkorlikni tizimli rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ta’kidlash joizki, GEMS hamda University of Greenwich bilan yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorlik doirasida talabalarga bir vaqtning o‘zida ikki diplomga ega bo‘lish imkoniyatini beruvchi “Double Degree” (Qo‘shma ta’lim) dasturlari joriy etilishi rejalashtirilgan.

Uchrashuv yakunida Samarqand davlat chet tillar instituti hamda GEMS o‘rtasida xalqaro qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha strategik hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Mazkur hujjat tomonlar o‘rtasida akademik dasturlarni birgalikda tatbiq etish, ta’lim jarayonini xalqaro andazalar asosida tashkil etish hamda institutda xalqaro ta’lim muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati

Share:
2026-04-22 14:28:14 28