Samarqand davlat chet tillar institutida “Xitoy tili haftaligi” o‘tkazildi

Mazkur tadbir nafaqat til o‘rganuvchilar, balki Sharq madaniyatiga qiziquvchi talabalar uchun ham haqiqiy ma’naviy bayramga aylandi.

Haftalik doirasida talabalarni xitoy xalqining boy merosi, urf-odatlari va estetik qadriyatlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida turli madaniy-ma’rifiy loyihalar amalga oshirildi. Xitoy tilida she’r aytish va notiqlik san’ati musobaqalari, iyeroglif yozish (kalligrafiya) tanlovi va qog‘oz qirqish san’ati (jianzhi) bo‘yicha mahorat darslari, “Choy marosimi” hamda milliy taomlar ko‘rgazmasi ishtirokchilarda chuqur taassurot qoldirdi.

Ayniqsa, kalligrafiya mashg‘ulotlarida mo‘yqalam yordamida iyeroglif chizish orqali yoshlar xitoy yozuvining nafisligi va uning zamiridagi chuqur falsafiy mohiyatni his etish imkoniga ega bo‘ldilar.

Haftalikda xitoy filmlari namoyish etilishi muhim ahamiyat kasb etdi. Filmlarning xitoy va o‘zbek tillaridagi subtitrlar bilan taqdim etilishi talabalarga ikki tilni qiyosiy o‘rganish, so‘z va nutq tuzilishlaridagi farqlarni anglash, jonli muloqot ustida ishlash imkoniyatini berdi.

Samarqand davlat chet tillar instituti hamda Nankin san’at universiteti hamkorligida tashkil etilgan ko‘rgazma haftalikning samarali va rang-barang o‘tishi uchun xizmat qildi. "Yozuvda birlik — Ipak yo‘li aks sadosi" deb nomlangan ushbu ekspozitsiyada xitoy iyerogliflari san’ati va zamonaviy dizayn uyg‘unligi aks etgan ijodiy ishlar namoyish etildi. Nankin san’at universiteti talabalari tomonidan yaratilgan san’at namunalari tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

"Xitoy tili haftaligi" oliygoh talabalarining nafaqat til ko‘nikmalarini charxladi, balki ularni Sharq tamaddunining ajralmas qismi bo‘lgan xitoy madaniyati bilan yaqindan tanishtirdi.

Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati

 

Share:
2026-05-05 19:23:57 9