Tadbirning ochilish qismida Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari H. To‘xtayev, SamDCHTI rektori B. Xoliqov, Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘i X. Pardayev, O'zmilliybank AJ Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig'i O. Umarov, maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i R. Yo‘ldoshov hamda viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari B. Sayipovlar so‘zga chiqishdi.
Ular o‘z nutqlarida bugungi Yangi O‘zbekistonda zamonaviy bilimlarni chuqur egallagan, xorijiy tillarni mukammal biladigan yosh mutaxassislarga ehtiyoj nihoyatda yuqori ekanligini ta’kidlashdi. Mazkur yarmarka yoshlarning bandligini ta’minlash hamda oliy ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi samarali hamkorlikni mustahkamlashda muhim ko‘prik vazifasini o‘tashi e’tirof etildi.
Yarmarkada 100 dan ortiq yirik ish beruvchilar, jumladan, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tizimidagi tashkilotlar, “Siyob Group” xoldingi, “ADM Jizzakh”, “SamAvto” va “SUS” (O‘zbekiston-Xitoy) qo‘shma korxonalari, “SAG” kompaniyasi, IT-park rezidentlari, xususiy o‘quv markazlari, turizm agentliklari va nufuzli mehmonxonalar vakillari o‘zlaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdilar.
Joriy yil oliygohni 2421 nafar talaba bitirmoqda. Yarmarkada ish beruvchilar tomonidan 1000 ga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi. 295 nafar bitiruvchi dastlabki mehnat shartnomalarini imzolashdi. 200 nafardan ziyod nomzodlar “Kelajak” markazi vakansiyalari uchun ro‘yxatdan o‘tdilar.
Tadbir doirasida Samarqand davlat chet tillar instituti rektori hamda viloyat “Kelajak” markazi rahbari o‘rtasida bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi. Shuningdek, “O‘zmilliybank” AJ tomonidan “Kelajakka qadam” loyihasi doirasida imtiyozli kredit olish huquqini qo‘lga kiritgan bitiruvchilarga maxsus vaucherlar topshirildi.
Ushbu tadbir talabalarning o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha munosib ish topishlari va kelajakdagi professional faoliyatlarini boshlashlari uchun qulay imkoniyat bo‘ldi.


.jpg)

.jpg)

.jpg)


Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati
English
Русский
Francais
Deutsch
Spain
