Samarqand – qalblar diplomatiyasining jonli darsxonasi

Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Bahodir Xoliqov Toshkent shahrida AQShning Baskervil instituti tomonidan tashkil etilgan yirik xalqaro “Diplomacy of the Heart” (“Qalb diplomatiyasi”) konferensiyasida ma’ruza bilan ishtirok etdi.

Mazkur tadbir til, madaniyat, ta’lim, huquq, madaniyatlararo muloqot va tinchlikparvarlik masalalarini xalqaro miqyosda muhokama qilishga qaratilgan muhim ilmiy-ma’rifiy platforma sifatida tashkil etildi.

Rektor o‘z ma’ruzasini “Bugungi Ipak yo‘li ruhida: Samarqand – qalb diplomatiyasining jonli darsxonasi” mavzusiga bag‘ishladi. Unda Samarqandning Buyuk Ipak yo‘li tarixidagi o‘rni, turli xalqlar, tillar va madaniyatlar o‘rtasidagi muloqot markazi sifatidagi ahamiyati, shuningdek, bugungi globallashuv davrida ta’lim va til o‘rganish orqali insonlar o‘rtasida ishonch, hurmat va hamkorlikni mustahkamlash masalalari yoritib berildi.

Ma’ruzada alohida ta’kidlanganidek, Samarqand nafaqat tarixiy obidalar shahri, balki bugungi kunda ham madaniyatlararo muloqot, ilm-fan, ta’lim va insoniy qadriyatlarni birlashtiruvchi jonli maktab hisoblanadi.

Ushbu nufuzli konferensiyada Samarqand davlat chet tillar institutining ishtiroki oliygohning xalqaro ilmiy-ma’rifiy maydondagi faolligini, madaniyatlararo muloqot, ta’lim diplomatiyasi va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdagi muhim o‘rnini yana bir bor namoyon etdi.

Konferensiya doirasidagi muloqotlar turli davlat vakillari, olimlar, ta’lim mutaxassislari hamda yoshlar o‘rtasida yangi fikrlar, hamkorlik istiqbollari va insonparvar g‘oyalar almashinuviga xizmat qildi.

Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati

 

Share:
2026-05-05 20:18:50 8