O‘ZBEKISTON-OZARBAYJON AKADEMIK HAMKORLIGIDA YANGI BOSQICH

Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Bahodir Xoliqov ayni kunlarda Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida xizmat safarida bo‘lib turibdi.

Tashrif doirasida institut rektori Boku Slavyan universitetida o‘tkazilayotgan “Azerbaijan in a New Era” (Ozarbayjon yangi davrda) nomli 17-xalqaro ilmiy konferensiyada ishtirok etishi ko'zda tutilgan. Mazkur nufuzli anjuman ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi Haydar Aliyev tavalludining 103 yilligiga bag‘ishlangan.

Safar davomida SamDCHTI rektori B.Xoliqov Boku Slavyan universiteti rektori, professor Anar Nahiyev bilan uchrashdi. Muloqotda ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi akademik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, konferensiyalar, ma’ruzalar, madaniy-ma’rifiy loyihalar hamda til va madaniyat markazlari faoliyatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv davomida Samarqand davlat chet tillar institutida Ozarbayjon tili va madaniyati markazini tashkil etish, shuningdek, Boku Slavyan universitetida O‘zbek tili va madaniyati markazini ochish bo‘yicha istiqbolli rejalar ham ko‘rib chiqildi.

Tashrif davomida rektor B.Xoliqovning Boku Slavyan universitetida o‘zbek tilini o‘rganayotgan talabalar va yoshlar bilan uchrashdi. Muloqotda yoshlarning o‘zbek tili, madaniyati, adabiyoti va O‘zbekiston oliy ta’lim tizimiga bo‘lgan qiziqishi alohida e’tirof etildi.

Ushbu tashrif Samarqand davlat chet tillar institutining xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirish, O‘zbekiston va Ozarbayjon oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ilmiy-akademik aloqalarni mustahkamlash hamda til, madaniyat va ta’lim sohalarida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Share:
2026-05-08 14:53:20 15