XOTIRA – O‘TGANLAR IBRATI, QADRLASH – BUGUNNING HIKMATI!

Assalomu alaykum, muhtaram ustozlar, hurmatli hamkasblar hamda aziz talabalar!

Vaqt o‘tishi bilan jamiyat hayotidagi ayrim qadriyatlar tobora chuqurroq ma’no kasb etib, o‘zining asl mohiyatini yanada yorqinroq namoyon eta boradi. Ana shunday yuksak qadriyatlardan biri – o‘tganlarni ehtirom bilan yod etish, tiriklarni e’zozlash va bugungi kun ne’matlarining qadriga yetishdir. Mamlakatimizda keng nishonlanayotgan 9-may – Xotira va qadrlash kuni ana shu ezgu tamoyilning hayotiy ifodasi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bugun biz Samarqand davlat chet tillar instituti jamoasi sifatida oliygohimiz taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan, uning ilmiy salohiyati va nufuzini yuksaltirish yo‘lida fidokorona mehnat qilgan, bugun oramizda bo‘lmagan ustozlarimiz xotirasini chuqur hurmat va ehtirom bilan yod etamiz. Ular nafaqat yetuk pedagoglar, balki ilm-fan va ma’rifat yo‘lida sobitqadam bo‘lgan chinakam fidoyi insonlar edilar. Ko‘plab shogirdlar qalbida ilmga muhabbat uyg‘otgan, ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatgan bu ulug‘ zotlar xotirasi oldida bosh egamiz. Ular yaratgan ilmiy meros, tarbiyalagan shogirdlar bugun nafaqat institutimiz, balki mamlakatimiz taraqqiyotida muhim o‘rin tutmoqda.

Muhtaram ustozlar!

Bugungi kunda ta’lim-tarbiya jarayonida faol ishtirok etib, yoshlarga zamonaviy bilim va ko‘nikmalar berayotgan, xorijiy tillar va jahon madaniyatini puxta o‘rgatayotgan Siz, aziz ustozlarimizning mehnatingiz alohida e’tirofga loyiqdir. Sizlarning fidokorona faoliyatingiz jamiyatning intellektual salohiyatini yuksaltirish, ma’naviy barqarorligini mustahkamlash, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirishda beqiyos ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa barchamizning qalbimizni cheksiz iftixor va g‘urur tuyg‘ulari bilan to‘ldiradi.

Aziz talabalar!

Sizlar ajdodlarimizning boy merosi hamda ustozlarimizning bebaho tajribasidan samarali foydalanib, o‘z bilim va salohiyatingizni izchil ravishda rivojlantirib borishingiz zarur. Zero, tarixini unutgan, o‘z ildizlaridan uzilgan jamiyatning kelajagi barqaror bo‘lishi mushkul. Ilmga intilish, tinchlikning qadriga yetish, mas’uliyat bilan yashash – ajdodlar xotirasiga ko‘rsatiladigan eng yuksak hurmat ifodasidir.

Qadrli institutimiz jamoasi!

Sizlarni ushbu qutlug‘ sana munosabati bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Barchangizga mustahkam sog‘lik, oilaviy farovonlik hamda sharafli va mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Xonadonlaringizdan fayz-u baraka, qalblaringizdan mehr-muhabbat va shukronalik tuyg‘usi hech qachon arimasin!

Xotira – o‘tganlar ibrati, qadrlash – bugunning hikmati!

Bahodir XOLIQOV,

Samarqand davlat chet tillar instituti rektori

Share:
2026-05-08 16:59:44 17