Samarqand davlat chet tillar instituti professor-o‘qituvchilari M.Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston tadqiqot universiteti huzuridagi “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” ilmiy-tadqiqot instituti “Tarix va etnologiya” ilmiy markazi tomonidan tashkil etilayotgan ilmiy seminar va ma’ruzalar dasturida ishtirok etishadi.
2026-yilning 21–22-may kunlari Qozog‘iston Respublikasining Chimkent shahrida o‘tkazilishi belgilangan mazkur xalqaro ilmiy-amaliy tadbirda institutning “Ingliz tili leksikologiyasi va stilistikasi” kafedrasi professor-o‘qituvchilari – A. Musayeva, D. Narzulayeva, V. Ablyayeva, M. Balasnikova, N. Alijonova, Z. Fayzullayeva, E. Guliyeva hamda Z. Ahmedovalar qatnashishadi.
Ular ikki kunlik dastur davomida ingliz tilshunosligi, tarjimashunoslik, leksikologiya, stilistika, fonologiya, ta’limda raqamli texnologiyalar, loyiha asosida o‘qitish hamda zamonaviy sun’iy intellekt tizimlarining tillararo tarjimadagi o‘rni kabi eng dolzarb yo‘nalishlarda ma’ruzalar o‘qib, o‘z tadqiqot natijalari bilan o‘rtoqlashishadi.
Safar oldidan Samarqand davlat chet tillar instituti rektori B. Xoliqov Qozog‘istondagi xalqaro dasturlarda ishtirok etayotgan o‘qituvchilar bilan uchrashuvdi. Rektor professor-o‘qituvchilarga xalqaro seminarda munosib ishtirok etish, xorijiy hamkorlar oldida institutning ilmiy-pedagogik salohiyatini namoyon etish bo‘yicha muhim tavsiyalar berdi.
Shuningdek, xorijlik olimlar bilan hamkorlikda qo‘shma tadqiqotlar olib borish, nufuzli ilmiy nashrlarda maqolalar chop etish hamda u yerda orttirilgan ilg‘or tajribalarni kelgusida institut ta’lim jarayoniga integratsiya qilish yuzasidan aniq vazifalarni belgilab berdi.
Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati
English
Русский
Francais
Deutsch
Spain
