SamDChTI professor-o‘qituvchilari Malayziyadagi xalqaro malaka oshirish dasturida ishtirok etishadi

Samarqand davlat chet tillar instituti professor-o‘qituvchilari Malayziyaning Sulton Idris pedagogika universiteti tomonidan tashkil etilayotgan “O‘zbekiston o‘qituvchilari uchun xalqaro kasbiy rivojlanish trening dasturi – 2026”da ishtirok etishadi.

Mazkur xalqaro dastur 2026-yilning 1–14-iyun kunlari Malayziyaning Kuala-Lumpur shahri hamda Ampangdagi “De Palma” mehmonxonasida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Ikki haftalik intensiv malaka oshirish kursi shaklida tashkil etiladigan ushbu dastur zamonaviy pedagogik yondashuvlar, innovatsion o‘qitish uslublari, samarali baholash strategiyalari hamda ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalarni integratsiya qilish bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan.

Dastur davomida ishtirokchilar uchun seminar-treninglar, amaliy mashg‘ulotlar, maxsus o‘quv modullari va metodik materiallar taqdim etiladi. Shuningdek, o‘qituvchilar Port Dickson va Putrajaya shaharlarida tashkil etiladigan ta’limiy-madaniy tadbirlarda qatnashib, xalqaro tajriba almashish va madaniyatlararo muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Ushbu xalqaro dasturda Samarqand davlat chet tillar institutining tilshunoslik hamda xorijiy til va adabiyot yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilarning bir guruhi ishtirok etishi belgilangan.

Safar oldidan Samarqand davlat chet tillar instituti rektori B. Xoliqov Malayziyaga jo‘nab ketayotgan professor-o‘qituvchilar – N. Amriddinova, A. Diyarova, N. Ashurova, E. Gulieva, M. Ismatova hamda M. Abruevalar bilan uchrashdi. Muloqot davomida dasturda munosib ishtirok etish, institut nufuzini xalqaro maydonda munosib namoyon qilish, xorijiy tajribani chuqur o‘rganish hamda olingan bilim va ko‘nikmalarni keyinchalik oliygoh ta’lim jarayoniga tatbiq etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Ushbu xalqaro malaka oshirish dasturi professor-o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini yanada yuksaltirishga, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va xalqaro akademik hamkorlikni mustahkamlashga hamda zamonaviy ta’lim yondashuvlarini institut o‘quv jarayoniga keng joriy etishga xizmat qiladi.

Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati

Share:
2026-05-20 19:51:48 59