Samarqand davlat chet tillar institutida “Payshanba – Yoshlar kuni” tadbirlari doirasida oliygoh akademik litseyi o‘quvchilari ishtirokida “Rektor va yoshlar uchrashuvi” tashkil qilindi.
Tadbirda so‘zga chiqqan institut rektori B. Xoliqov yoshlar uchun yaratilgan keng imkoniyat va sharoitlar, ulardan unumli foydalanish natijalari haqida gapirdi. Shiddat bilan rivojlanayotgan XXI asrda bilimli yoshlar uchun dunyo eshiklari ochiqligi, buning uchun faqat chuqur bilim olish, tinimsiz mehnat va doimiy harakat talab etilishi o‘quvchilarga hayotiy misollar bilan tushuntirildi.
Rektor akademik litsey o‘quvchilarining qo‘lga kiritgan yutuqlarini e’tirof etdi. Ayni paytda 17 nafar o‘quvchi muddatidan oldin, test sinovlarisiz talabalikka tavsiya etildi. Bu oliy ta’lim tizimidagi islohotlarning amaldagi yaqqol samarasi hisoblanadi. 351 nafar litsey bitiruvchilarining 165 nafari 300 ga yaqin nufuzli xorijiy va milliy (til bilish) sertifikatlariga ega bo‘lishgani ta’kidlandi. Akademik litsey jamoasi joriy mavsum yakuni bo‘yicha bitiruvchilarning OTMlarga kirish ko‘rsatkichini 100 foizga yetkazishni maqsad qilgani aytildi.
Shundan so‘ng akademik litseyning 21 nafar iste’dodli o‘quvchisi shaxsan institut rektori qo‘lidan rektor stipendiyasi sohibi bo‘lganligi to‘g‘risidagi sertifikatlarni qabul qilib olishdi. Ta’lim-tarbiya va jamoat ishlarida alohida o‘rnak ko‘rsatgan, ko‘rik-tanlovlar va sport musobaqalarida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar institutning budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan pul mukofotlari bilan rag‘batlantirildi.
Muddatidan oldin davlat granti asosida talabalikka tavsiya etilgan o‘quvchilarning ota-onalariga esa tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ota-onalar hamda Akademik litsey jamoasi ko‘rsatilgan yuksak e’tibor va yaratilgan imkoniyatlar uchun institut rahbariyatiga o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi.
Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati
English
Русский
Francais
Deutsch
Spain
