Joriy yilning 21–23-may kunlari Buxoro davlat texnika universitetida “Global raqobatbardoshlik uchun O‘zbekiston – Turkiya oliy ta’lim hamkorligini rivojlantirish” mavzusida ikki mamlakat rektorlarining an’anaviy IV forumi o‘z ishini boshladi.
Anjumaning tantanali ochilish marosimida Turkiya Respublikasi Oliy ta’lim kengashi Ijroiya qo‘mitasi a’zosi, delegatsiya rahbari Erol Arjakliog‘lu, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Asror Norov, Buxoro viloyati hokimining oʻrinbosari Baxtiyor Odilov hamda Buxoro davlat texnika universiteti rektori Sadoqat Siddiqovalar so‘zga chiqib, mazkur hamkorlik istiqbollari haqida gapirishdi va forum qatnashchilarini qutladilar.
Xalqaro tadbirda O‘zbekiston va Turkiyaning 60 ga yaqin yetakchi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, rektor va prorektorlar, taniqli professor-oʻqituvchilar hamda soha ekspertlari ishtirok etishmoqda.
Forum doirasida Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Bahodir Xoliqov Turkiya Respublikasining bir qator nufuzli universitetlari vakillari bilan o‘zaro manfaatli muzokaralar olib bordi. Xususan, Turkiyaning yetakchi va xalqaro miqyosda tan olingan oliy ta’lim dargohlaridan biri – Hajettepe universiteti rektori, professor Mehmet Johit Guran bilan o‘tkazgan uchrashuvi samarali kechdi.
Muloqot yakunida ikki oliygoh o‘rtasida talabalar hamda professor-o‘qituvchilarning akademik almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirishni ko‘zda tutuvchi muhim shartnoma imzolandi.





Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati
English
Русский
Francais
Deutsch
Spain
