“Sharq va G‘arb adabiy aloqalari hamda qiyosiy adabiyotshunoslikning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi

Jahon adabiyotidagi o‘zaro ta’sir jarayonlarini chuqur tahlil etish hamda globallashuv sharoitida xalqlar o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy ko‘priklarni yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan anjumanning ilmiy ko‘lami juda keng bo‘ldi. Unda dunyoning qator nufuzli davlatlari – Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Rossiya hamda Janubiy Koreya oliy o‘quv yurtlaridan olimlar va yosh tadqiqotchilar qatnashishdi.

“Qiyosiy adabiyotshunoslik” hamda “Koreys filologiyasi” kafedralari hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirni institutning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Otabek G‘aybullayev ochib berdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar Sharq va G‘arb adabiy aloqalarining tarixiy ildizlari, mumtoz va zamonaviy tendensiyalari hamda qiyosiy adabiyotshunoslikning jahon estetik va falsafiy tafakkurida tutgan o‘rni kabi fundamental masalalar yuzasidan ma’ruzalar qilishdi.

Akademik bahslar “Qiyosiy adabiyotshunoslikning zamonaviy metodologiyasi va yangicha tamoyillari”, “Zamonaviy qiyosiy tilshunoslik muammolari va diskurs tahlil”, “Madaniyat, til va tarjimashunoslikning dolzarb masalalari”, “Adabiy ta’sir, sivilizatsiyalararo muloqot va ijodiy izdoshlik an’analari” singari sho‘balar doirasida davom etdi.

Anjuman tashkiliy qo‘mitasiga o‘zbek, ingliz va rus tillarida 200 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar kelib tushdi. Saralab olingan va taqrizdan o‘tgan maqolalar alohida to‘plam holida chop etilib, xalqaro elektron ilmiy bazalarga joylashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati

Share:
2026-05-23 17:23:04 9