Samarqand davlat chet tillar instituti “Ingliz tili” kafedrasi tashabbusi bilan sohaning eng dolzarb masalalariga bag‘ishlangan "Tilni o‘qitish, o‘rganish va baholashdagi innovatsiyalar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.
Tadbirda Turkiya, Tojikiston, Hindiston va Birlashgan Arab Amirliklaridagi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, xalqaro va mahalliy ekspertlar, oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari, tajribali pedagoglar, doktorantlar, magistrantlar, talabalar faol ishtirok etishdi.
Ilm-fan va ta’lim integratsiyasini yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilgan ushbu anjumanni institutning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo'yicha prorektori O. G'aybullayev kirish so‘zi bilan ochib berdi va konferensiya ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Anjuman tilni o‘qitish, o‘rganish hamda baholashning zamonaviy nazariy va amaliy yondashuvlarini chuqur muhokama qilish, shuningdek, sohadagi innovatsion pedagogik hamda raqamli texnologiyalar bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish uchun ulkan ilmiy maydon vazifasini o‘tadi.
Sho‘ba yig‘ilishlarida “Til o‘rganishdagi eng zamonaviy metodlar va o‘zlashtirish usullari”, “Til o‘qitish tizimiga raqamli va innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish”, “Talabalarning til qobiliyatlarini baholashdagi xalqaro standartlar va zamonaviy rivojlanishlar”, “Tilshunoslikdagi ilg‘or tadqiqotlar va kelgusi rivojlanish tendensiyalari” kabi fundamental yo‘nalishlar bo‘yicha chuqur tahliliy ma’ruzalar tinglandi.
Anjumanga bo‘lgan qiziqish va ilmiy faollik kutilganidan ham yuqori bo‘ldi. Professor-o‘qituvchilar, izlanuvchilar, metodistlar hamda yosh tadqiqotchilar tomonidan 250 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar qabul qilindi. Ushbu ilmiy ishlar to‘plami kelajakda raqamli ta’lim muhitini boyitishga xizmat qilishi shubhasiz.
Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati
English
Русский
Francais
Deutsch
Spain
