Qurbon hayiti barchangizga muborak bo‘lsin!

Assalomu alaykum, muhtaram ustozlar, aziz ishchi-xodimlar va qadrli talabalar!

Sizlarni, sizlar orqali butun oila a’zolaringiz va yaqinlaringizni muqaddas islom dinining ma’naviy poklanish, mehr-oqibat va ezgulik ayyomi – Qurbon hayiti bilan institutimiz rahbariyati va shaxsan o‘z nomimdan muborakbod etaman. Asrlar davomida xalqimizning ma’naviy hayotidan beqiyos o‘rin egallab, jamiyatimizda o‘zaro hamjihatlik, saxovat va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlab kelayotgan bu ulug‘ ayyom bugun har birimizning ko‘nglimizga ezgu niyat, cheksiz quvonch va xotirjamlik olib kirmoqda.

Qadrli hamkasblar!

Yosh avlodga dunyoning 12 tilini o‘rgatish, ularni komil inson va yetuk mutaxassis qilib tarbiyalashdek mashaqqatli va sharafli yo‘lda ko‘rsatayotgan fidoyiligingiz tahsinga sazavor. Bugungi dorulomon kunlarda dunyoning eng qadimiy va navqiron shaharlaridan biri bo‘lmish go‘zal Samarqandimizda, qutlug‘ ilm dargohimizda sizlar bilan bir safda, bir jamoada, yelkadosh bo‘lib mehnat qilishdan ortiq baxt va sharaf bo‘lmasa kerak.

Hurmatli talabalar!

Sizlar institutimizning faxri, yurtimizning buyuk kelajagi hisoblanasiz. Bugun Uchinchi Renessans poydevorini qo‘yayotgan Yangi O‘zbekistonda zamonaviy bilimlarni va xorijiy tillarni mukammal egallash orqali jahon maydonida mamlakatimiz manfaatini himoya qilish, sharafi va nufuzini yuksaltirishdek muqaddas vazifa sizning zimmangizga yuklanmoqda. Sizdagi ilmga tashnalik, so‘nmas shijoat va beqiyos kuch-qudrat bu vazifalarni sidqidildan bajarishingiz uchun keng yo‘l ochib beradi.

Qadrli institutimiz mehnat jamoasi!

Muborak bayram shukuhi kezayotgan ushbu lahzalarda barchangizga sihat-salomatlik, oilangizga totuvlik, xonadoningizga tinchlik-xotirjamlik, dasturxoningizga qut-baraka tilayman. Alloh Qurbon hayiti munosabati bilan qilgan barcha ezgu niyatlaringizning, duo va ibodatlaringizning ijobatini bersin!

Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!

Qurbon hayiti barchangizga muborak bo‘lsin!

Bahodir XOLIQOV,
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori

Share:
2026-05-26 15:09:00 10