Oldin xabar berganimizdek, Samarqand shahridagi Alisher Navoiy ko‘chasida "TalabaExpo–2026" kasb ko‘rgazmasi tashkil etildi.


Ko‘rgazmaning ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari Husan To‘xtayev, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda "O‘zbekiston milliy banki" AJ mas’ullari, shuningdek, oliy ta’lim tashkilotlari vakillari ishtirok etishdi.

So‘zga chiqqanlar mazkur ko‘rgazma bitiruvchi yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni zamonaviy mehnat bozori talablariga mos kasblarga yo‘naltirish hamda yoshlarning biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilganini ta’kidlashdi.
Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi, "O‘zbekiston milliy banki" AJ, Yoshlar ishlari agentligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi kabi hamkor tashkilotlar boshchiligida 300 ga yaqin ish beruvchi korxona va muassasalar o‘z bo‘sh ish o‘rinlari hamda amaliyot dasturlari bilan qatnashishdi.

Samarqand davlat chet tillar instituti tomonidan tashkil etilgan maxsus stendda oliygohning ta’lim yo‘nalishlari, xorijiy hamkorlik dasturlari, bitiruvchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar hamda ilmiy-innovatsion faoliyat keng namoyish etildi. Tadbirga tashrif buyurgan yoshlar va abituriyentlarni qiziqtirgan barcha savollarga oliygoh mutaxassislari tomonidan atroflicha javob berildi.
Institutning 600 nafardan ziyod bitiruvchisi ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar o‘tkazdi. Natijada 80 nafar bitiruvchi bilan dastlabki kelishuv shartnomalari imzolandi. Bu yoshlarning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashish imkoniyatlarini yanada kengaytirdi.

Tadbir yakunida ko‘rgazmada faol qatnashgan SamDCHTIning 5 nafar iqtidorli talabasi tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi. Quvonarlisi, institutning Kechki ta’lim fakulteti bitiruvchisi Toshkentboy Vosiyevning istiqbolli biznes loyihasi hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholandi. Unga "O‘zbekiston milliy banki" AJ huzuridagi "Kelajakka qadam" markazi tomonidan 100 million so‘mlik vaucher tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, institut jamoasining bu boradagi namunali faoliyati va samarali hamkorligi uchun "O‘zbekiston milliy banki" AJ tomonidan oliygoh rahbariyatiga tashakkurnoma topshirildi.

Bunday tadbirlar yoshlarimizning ish bilan ta’minlanishi bilan birga tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning innovatsion g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish uchun ham xizmat qiladi.

Share:
2026-07-04 08:35:23 418