Assalomu alaykum, qadrli professor-o‘qituvchilar, imtihon komissiyasining a’zolari, aziz abituriyentlar va hurmatli ota-onalar!
Bugungi kunda mamlakatimiz ta’lim tizimida ochiqlik, shaffoflik va ijtimoiy adolatni qaror toptirish davlatimiz siyosatining eng ustuvor hamda murosasiz yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, oliy ta’lim muassasalariga talabalar qabuli jarayonlarining korrupsiyadan xoli hamda qonuniy tashkil etilishi – ertangi kunimiz egalari bo‘lgan yoshlarning bilimiga adolatli baho berish, jamiyatda ilmga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashning muhim omilidir.
Shu munosabat bilan, Samarqand davlat chet tillar institutida 2026-yilning 7-iyul kuni 2026-2027 o‘quv yili uchun Jurnalistika (Xalqaro jurnalistika) yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkaziladigan kasbiy (ijodiy) imtihon amaldagi qonunchilik mezonlariga qat’iy rioya qilingan holda, barcha uchun teng va oshkora muhitda tashkil etiladi. Har bir abituriyentning ijodiy tafakkuri, nutq madaniyati va amaliy ko‘nikmalari faqat uning ko‘rsatgan natijalari asosida baholanadi.
Hurmatli hamkasblar va komissiya a’zolari!
Zimmangizda nafaqat oliygohimizning nufuzi va taqdiri, balki yuzlab yoshlarning kelajagiga daxldor bo‘lgan yuksak mas’uliyat turibdi. Ushbu mas’uliyatli jarayonda pedagogik odob-axloq va kasbiy etika qoidalariga so‘zsiz amal qilishingiz shart. Tanish-bilishchilik, mahalliychilik va tamagirlik kabi illatlarning har qanday ko‘rinishiga institutimizda mutlaqo murosasiz muhit e’lon qilingan. Abituriyent mehnatiga qo‘yiladigan har bir ball ortida ota-onaning ulkan umidi hamda kechalari uyqudan kechib qilingan mehnati yotganini unutmang. Sizlarning vijdon bilan, adolat mezonlariga tayangan holda olib boradigan faoliyatingiz ushbu shaffoflikning eng oliy kafolatidir.
Qadrli ota-onalar!
Har birimiz farzandlarimizning hayotda munosib o‘rin topishlarini, yutuqlarga erishishlarini xohlaymiz. Bu, avvalo, ularning halol mehnati va chuqur bilimiga bog‘liqdir. Shunday ekan, imtihon jarayoniga turli vositachilar orqali aralashishga urinmang va bunday noqonuniy holatlardan yiroq bo‘ling.
Institutimiz ma’muriyati tomonidan kasbiy (ijodiy) imtihonlarni adolatli, xolis va shaffof o‘tkazish uchun barcha texnik hamda tashkiliy sharoitlar yaratilib, huquqiy nazorat choralari to‘liq ishga solingan. Biz uchun eng oliy qadriyat farzandingizning haqiqiy bilimidir.
Aziz abituriyentlar!
Ijodiy imtihonlar – o‘z iqtidoringiz, intellektual salohiyatingiz va kelajakdagi kasbiy mahoratingizni namoyon etishingiz uchun yaratilgan eng muhim va adolatli imkoniyat maydonidir. Sizlarni o‘z kuchingizga, puxta tayyorgarligingizga hamda bilimingizga ishonishga chaqiraman.
Imtihon natijalariga sun’iy ravishda ta’sir ko‘rsatishga urinish, qing‘ir yo‘llar yoki shubhali shaxslar xizmatidan foydalanish amaldagi qonunchilikka binoan keskin huquqiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bu holat sizni nafaqat talabalik baxtidan mahrum etadi, balki kelajakdagi malakali mutaxassis sifatidagi sha’ningizga ham qora dog‘ bo‘lib tushadi.
Agar qabul jarayonida kimdir sizga “yordam berishni” va’da qilib, buning evaziga pul, moddiy qimmatlik yoki boshqa biror xizmat taklif qilsa, uni qat’iyan rad eting. Bu haqda zudlik bilan institut rahbariyatiga yoki huquq-tartibot organlariga murojaat qilishingizni so‘rayman.
Barchamiz qonun ustuvorligi, vijdon amri va adolat tamoyillariga sodiq qolgan holda, ushbu imtihonning adolatli va shaffof o‘tishiga munosib hissa qo‘shamiz deb ishonaman. Abituriyentlarning barchasiga omad va zafarlar yor bo‘lsin!
Bahodir XOLIQOV,
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori
Share:
2026-07-06 11:12:30
202
English
Русский
Francais
Deutsch
Spain

