Shanxay xorijiy tillar universiteti bilan hamkorlik aloqalari kengaymoqda

Samarqand davlat chet tillar institutida Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay xorijiy tillar universiteti Kengashi kotibi Yin Dongmei xonim boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Mehmonlar bilan bo‘lgan uchrashuvda institutning xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori J.Nasrullayev, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i B.Berdialiyev, "Xitoy filologiyasi" kafedrasi mudiri A.To‘xtamishov, professor Sh.Safarov hamda institut huzuridagi Konfutsiy institutining Xitoy tomoni direktori Siang Veylar ishtirok etishdi.

Muloqot davomida Samarqand davlat chet tillar instituti va Shanxay xorijiy tillar universiteti o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarining bugungi holati, Konfutsiy institutining faoliyati hamda kelgusida hamkorlikda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Shuningdek, 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar, 2026-yilning birinchi yarim yilligi bo‘yicha hisobot hamda joriy yilning ikkinchi yarim yilligiga mo‘ljallangan faoliyat rejasi ko‘rib chiqildi.

Tomonlar 2026/2027-o‘quv yilida Konfutsiy instituti va "Xitoy filologiyasi" kafedrasiga taklif etilishi rejalashtirilayotgan xitoylik mutaxassislarning samarali faoliyat olib borishlari uchun zarur sharoitlarni yaratish masalalarini ham ko‘rib chiqdilar.

Uchrashuv yakunida institut huzurida faoliyat olib borayotgan “Xitoy-O‘zbekiston sivilizatsiyalararo ilmiy tadqiqotlar markazi”ni qo‘llab-quvvatlash, markazda qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish va grant mablag‘larini jalb etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Mazkur markaz Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi ilmiy, madaniy va ta’limiy aloqalarni rivojlantirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, pedagog kadrlar malakasini oshirish hamda ikki xalqning boy madaniy merosini keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.

Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati

Share:
2026-07-13 16:44:19 36