Assalomu alaykum, qadrli yoshlar!
Mamlakatimizda 2026–2027-o‘quv yili uchun o‘tkazilgan kirish imtihonlarining yakuniy natijalari e’lon qilindi. Bugun ilmga chanqoq yoshlarimiz, ularning fidoyi ota-onalari hamda jonkuyar ustozlari qalbida cheksiz quvonch va iftixor tuyg‘usi mavj urmoqda. Chunki aziz yoshlarimiz oliy o‘quv yurti talabasi bo‘lishdek sharafli maqomga erishdilar.
Samarqand davlat chet tillar instituti talabalari safidan joy olgan, o‘z kelajagini aynan SamDCHTI bilan bog‘lagan barcha o‘g‘il-qizlarimizni ushbu yuksak zafar va muvaffaqiyat bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Siz tanlagan oliygoh o‘zining ilmiy-pedagogik salohiyati va boy tajribasi bilan bugun nafaqat respublikamizda, balki xalqaro akademik maydonda ham munosib o‘ringa ega.
Institutimiz Yevropa Ta’lim Sifati Agentligi (EQAA) ekspertlari tomonidan institutsional akkreditatsiyadan o‘tgan bo‘lib, ushbu yutuq Yevropa ta’lim makonida oliygohimizning nufuzi ortib borayotganini, ta’lim sifati xalqaro standartlarga to‘liq javob berishini hamda bitiruvchilarimizning diplomlari dunyo bo‘ylab keng tan olinishini anglatadi.
Shuningdek, institutimiz xalqaro Round University Ranking (RUR) reytingida dunyoning eng kuchli 1000 ta oliy ta’lim muassasasi safidan joy oldi (jahon reytingida 911-o‘rin, O‘zbekiston bo‘yicha 11-o‘rin). Yana bir nufuzli xalqaro HE Higher Education Ranking (AQSH) reytingida esa dunyo universitetlari orasida 64-o‘rinni, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida esa 7-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
THE Impact Rankings – 2026 natijalariga ko‘ra, institutimiz umumiy reytingda dunyoning “Sifatli ta’lim”da 401–600-o‘rinlarni, “Gender tengligi” hamda “Sanoat, innovatsiyalar va infratuzilma” yo‘nalishlarida 301–400-o‘rinlarni, UI GreenMetric World University Rankings – 2025 natijalariga ko‘ra esa 523-o‘rinni egalladi. Bugungi kunda institutimiz dunyoning rivojlangan davlatlaridagi 100 dan ortiq nufuzli oliy o‘quv yurtlari va ilmiy markazlari bilan yo‘lga qo‘yilgan mustahkam hamkorlik aloqalariga ega. Amalga oshirilayotgan akademik almashinuv dasturlari oliygohimizning ilmiy salohiyatini yuksaltirish bilan birga, ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga ham ulkan hissa qo‘shib kelmoqda.
Shubhasiz, bularning barchasi siz – yoshlarning porloq istiqbolingiz va yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishingiz uchun xizmat qiladi. Sizlarni ushbu ezgu ishlarimizning munosib davomchilari sifatida ko‘rib, kelgusi o‘qish va ilmiy faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman.
Samarqand davlat chet tillar institutini tanlab aslo adashmadingiz. Bu ilm maskani siz uchun yorqin kelajak va yuksak marralarga eltuvchi ishonchli ko‘prik bo‘lishiga ishonaman.
Samarqand davlat chet tillar institutiga xush kelibsiz!
Bahodir XOLIQOV,
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori
English
Русский
Francais
Deutsch
Spain
