Xorijlik talabalar munosib kutib olindi

Samarqand davlat chet tillar institutida yangi o‘quv yilida o‘qishga qabul qilingan xorijlik talabalar uchun tantanali kutib olish tadbiri tashkil etildi.

Unda institut rektori Bahodir Xoliqov so‘zga chiqib, xorijlik yoshlarni Samarqand davlat chet tillar instituti talabalari safiga qabul qilingani bilan muborakbod etdi. Rektor o‘z so‘zida Samarqand qadimdan turli xalqlar, tillar va madaniyatlar tutashgan yirik ilm-fan hamda ma’rifat maskani sifatida ilm ahlini o‘ziga chorlab kelganini ta’kidladi. Shuningdek, u xorijlik talabalar endilikda institutning ahil va katta xalqaro akademik oilasining ajralmas bir qismiga aylanishganini alohida qayd etdi.

Muloqot davomida talabalarga sifatli ta’lim olish, ilmiy va ijtimoiy loyihalarda faol qatnashish, xalqaro akademik mobillik dasturlaridan unumli foydalanish hamda O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishish bo‘yicha yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Ahamiyatlisi, joriy o‘quv yilida institut talabalari safidan Xitoy, Tojikiston, Rossiya, Turkiya, Koreya Respublikasi, Eron, AQSh, Misr, Filippin, Bangladesh, Pokiston va Hindiston kabi davlatlardan kelgan iqtidorli yoshlar ham o‘rin olishdi.

Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati

Share:
2026-09-07 17:20:25 28