ILMLI AYOL – MAʼRIFATLI JAMIYAT POYDEVORI

Ayol – dunyodagi eng muʼtabar xilqat. Nafisligi tillarda doston, hayot mazmuni, kelajak davomchilarini oʻz vujudidan parcha uzib bashariyatga tutqazadigan moʻjizalar sohibi. U nafaqat oilaning fayzi, balki jamiyatning maʼnaviy qiyofasini belgilaydigan, millatning ertangi kunini tarbiyalaydigan buyuk kuchdir. Shuning uchun ham azaldan ayolga boʻlgan eʼtibor, uning jamiyat va oiladagi mavqeyi yuksak qadrlangan.

Dunyodagi buyuk insonlarni, aziz-avliyolarni, sarkardalarni, hukmdor va mutafakkirlarni dunyoga keltirgan, ularni tarbiyalagan buyuk zot ham ayoldir. Sharqda qadimdan ayollar orasidan soʻfiylar, olimalar, shoiralar va avliyolar yetishib chiqqaniga tarixning oʻzi guvoh. Demak, ayolning buyukligi faqat uning onalik maqomi bilangina belgilanmaydi. Uning aqli, tafakkuri, maʼrifati va jamiyat taraqqiyotiga qoʻshayotgan hissasi ham bu ulugʻlikning ajralmas qismidir.

Islom taʼlimoti ham ayol shaʼnini ulugʻlaydi. Qurʼoni Karim suralaridan birining aynan “Niso”, yaʼni “Ayollar” deb nomlanishi, unda ayolning mavqeyi, hayotdagi oʻrni va haq-huquqlariga alohida eʼtibor qaratilishi xotin-qizlarga boʻlgan yuksak ehtiromning yorqin ifodasidir. Alloh taolo ayolga ona boʻlishdek sharafli va oʻta masʼuliyatli vazifani bergan. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.): “Jannat – onalar oyogʻi ostidadir”, deb marhamat qilganlar. Darhaqiqat, ayolning sharafi faqat onalik bilan cheklanmaydi. Islom taʼlimotida ilm talab qilish erkak va ayol uchun barobardir. Hadisi sharifda: “Ilm talab qilish har bir musulmon uchun farzdir”, deyiladi. Bu hikmat bugungi kun uchun ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Zero, ilmli ona – ilmga oshno farzandni, maʼrifatli ayol – maʼrifatli oilani, maʼrifatli avlod esa fozil insonlar yashaydigan jamiyatni tarbiyalaydi.

Ayol oʻz umri davomida turli maqomlarda boʻladi: Alloh inʼom etgan suyukli farzand, oilaning bekasi, erkak kishi uchun soliha rafiqa, farzandlari uchun mehribon ona, kim uchundir opa-singil. Ammo bu maqomlarning barchasini birlashtirib turadigan yana bir buyuk tushuncha bor – maʼrifat. Chunki maʼrifatli ayol qaysi maqomda boʻlmasin, atrofidagi insonlar hayotiga nur olib kiradi.

Sharq xalqlari tarixiga nazar tashlasak, mana shunday ulugʻlik va mukarramlikka munosib boʻlgan fozila va olima ayollar salmog‘i anchagina ekanini koʻramiz. To‘maris momomiz Vatanini bosqinchilardan himoya qildi. Temuriy malika – Saroymulkxonim Mirzo Ulug‘bekdek buyuk dahoni tarbiyaladi. Boburiy malika Zebunnisobegim Hindiston olimlari, shoirlari va sanʼat ahliga gʻamxoʻrlik hamda homiylik qilib, oʻz davrida ilm va sanʼat rivojiga katta hissa qoʻshgan. Tarixchilar uning shuhratini ijod, ilm va odob bilan bogʻlashlari bejiz emas.

Oʻzbek mumtoz adabiyotida sadoqat timsoliga aylangan Nodirabegim – asl ismi Mohlaroyim – ham ana shunday maʼrifatli ayollardan biridir. U nafaqat goʻzal sheʼrlari bilan adabiyotimiz tarixida oʻchmas iz qoldirdi, balki Qoʻqon adabiy muhitining rivojiga hissa qoʻshib, ijodkorlarning boshini biriktirib, qoʻllab-quvvatladi. Uvaysiy, Anbar Otin, Dilshodi Barno kabi shoiralarning nomi esa oʻzbek ayolining qalbida sheʼriyat, tafakkur va maʼrifat azaldan yashab kelayotganini koʻrsatadi.

Darhaqiqat, tariximizdagi buyuk ayollarni eslar ekanmiz, ularning har birida bir umumiy fazilat – ilmga, maʼrifatga va inson kamoliga intilish mujassamligini koʻramiz. Ular oʻz davrining imkoniyatlari doirasida tafakkur maydoniga kirib kelgan, soʻz aytgan, ijod qilgan, ilm va sanʼatga homiylik qilgan. Bugungi qizlar esa ana shu maʼrifat yoʻlini yanada kengroq imkoniyatlar bilan davom ettirmoqda.

Bugun Samarqand davlat chet tillar instituti talabalarining asosiy qismi xotin-qizlardan. Ilm dargohida qoʻliga kitob tutgan, ilmiy izlanish olib borayotgan, auditoriyalarda oʻz fikrini dadil ifoda etayotgan minglab qizlarni koʻramiz. Kecha faqat oilaning kelajagi haqida qaygʻurgan qiz timsoli bilan cheklanmagan oʻzbek qizi bugun ilm-fanning turli yoʻnalishlarida oʻz oʻrnini topmoqda. U talaba, tadqiqotchi, oʻqituvchi, shifokor, muhandis, olima, ijodkor va zamonaviy texnologiyalarni egallagan mutaxassis sifatida jamiyat taraqqiyotiga oʻz hissasini qoʻshmoqda. Oliygohimizning iqtidorli talabalarining, nomdor stipendiatlarning salmoqli qismini xotin-qiz talabalar tashkil etayotgani qalbimizni iftixorga to‘ldirmoqda.

Bu manzarada bir haqiqatni anglash mumkin: bugungi qizning qoʻlidagi kitob – ertangi jamiyatning poydevoridir. Uning ilmga boʻlgan qiziqishi faqat shaxsiy kamolot masalasi emas. Bir qizning taʼlim olishi – bir oilaning, bir avlodning, hatto bir millatning maʼnaviy boyishiga xizmat qiladi. Chunki bugungi talaba qiz ertaga ona boʻladi, ustoz boʻladi, olima boʻladi, farzandiga, shogirdiga, nabirasiga, jamiyatiga bilim va tarbiya beradi.

Bugungi axborot texnologiyalari asrida xotin-qizlarning jamiyatdagi oʻrni yanada kengayib bormoqda. Endi qizlar institutimizda ilm olish uchun faqat birgina manbaga tayanib qolmaydi: dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan akademik almashinuvlar, taʼlim platformalari, elektron kutubxonalar, xalqaro ilmiy bazalar, zamonaviy laboratoriyalar imkoniyatlari ularning xizmatida. Oʻzbek qizi dunyoning turli mamlakatlaridagi universitetlarda taʼlim olib, xalqaro tanlov va konferensiyalarda qatnashib, ilmiy izlanishlarini jahon miqyosida namoyon etayotgani har bir vatandoshni befarq qoldirmaydi.

Eng quvonarlisi, bugun qizlarimizning taʼlimga boʻlgan munosabati, ilm olishga bo‘lgan ishtiyoqi ortib bormoqda. Ular oliy maʼlumotni shunchaki diplom olish vositasi sifatida emas, oʻzligini anglash, dunyoqarashini kengaytirish, mustaqil fikrlash va jamiyatga foydali inson boʻlib yetishish yoʻli sifatida qabul qilishmoqda. Auditoriyalarda qizlarning koʻpayishi, ilmiy izlanishlarda ularning faol ishtiroki, turli sohalarda yuqori natijalarga erishayotgani – xalqimiz maʼrifatining yangi bir sahifasi ochilayotganidan darak beradi.

Bugun ayol rahbar, shifokor, huquqshunos, o‘qituvchi, muhandis, tashkilotchi, targʻibotchi, tadqiqotchi va olima sifatida jamiyat hayotining turli jabhalarida faol ishtirok etib kelmoqda. Dunyo minbarlarida oʻz fikrini dadil aytayotgan oʻzbek qizi aslida tarixdagi buyuk momolarining maʼrifat yoʻlini davom ettirmoqda. Uning ovozida Nodiraning sheʼriyati, Uvaysiyning tafakkuri, Zebunnisobegimning ilmga ehtiromi, Toʻmaris kabi tarixiy siymolarning matonati aks-sado beradi.

Zero, jamiyatning maʼnaviy qiyofasi oiladan boshlanadi. Oilaning maʼnaviy muhitini esa, koʻp jihatdan, ayol belgilaydi. Shunday ekan, ayol maʼrifatining yuksalishi – jamiyat maʼrifatining yuksalishidir.

Shu maʼnoda, bugungi qizning oliy o‘quv yurti sari qoʻygan qadami ham oddiy bir qadam emas. U tarix bilan kelajak oʻrtasidagi koʻprikdir.

Bugun biz qizlarimizni kitob bilan, ilm bilan, zamonaviy kasb va hunar bilan koʻrganimizda, aslida millatimizning kelajagini koʻrayotgandek boʻlamiz. Chunki ilmli qiz – ertangi kunning ziyoli onasi, maʼrifatli ustoz, malakali mutaxassis, yetuk olima va jamiyatning faol fuqarosidir. Uning yutugʻi – faqat oʻzining yutugʻi emas, balki oilasi, mahallasi, yurti va millatining yutugʻidir.

Men ayol sifatida, ona sifatida, o‘qituvchi sifatida, adabiyotshunos olima sifatida shuni eʼtirof etmoqchimanki, tariximizda nomlari oltin harflar bilan bitilgan donishmand momolarimizning izdoshlari bugun oramizda minglab mavjud. Ular institut auditoriyalarida, ilmiy laboratoriyalarda, maktab va oliygohlarda, ijod maydonlarida, zamonaviy texnologiyalar olamida oʻz yoʻlini topmoqda. Ularning qoʻlidagi qalam, kitob va ilmiy izlanish – oʻzbek ayolining yangi zamonaviy qiyofasini namoyon etmoqda.

Maftuna XOLOVA,

Samarqand davlat chet tillar instituti

“Qiyosiy adabiyotshunoslik” kafedrasi professori

Share:
2026-09-16 17:01:37 66