Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik hamda narkojinoyatlardan samarali himoya qilish maqsadida Samarqand davlat chet tillar institutida keng qamrovli targ‘ibot-tashviqot tadbiri tashkil etildi. Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi tegishli Farmoni ijrosini ta’minlash hamda yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadiga qaratildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Samarqand viloyati hokimining Yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari H.To‘xtayev, Samarqand davlat chet tillar instituti rektori B.Xoliqov, Samarqand viloyati IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik U.G‘ulomov, Samarqand viloyati Narkologiya dispanseri shifokori G. Jalilovalar giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish, yoshlarni zararli illatlar taʼsiridan asrash hamda ularning huquqiy va tibbiy savodxonligini oshirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdilar.
Muloqot davomida mutaxassislar giyohvandlikning inson salomatligi, ruhiy holati va kelajagiga salbiy ta’siri, shuningdek, ushbu illat bilan bog‘liq jinoyatlarning huquqiy oqibatlari haqida batafsil ma’lumot berdilar. Yoshlarni bunday xavflardan himoya qilishda oila, ta’lim muassasasi va jamoatchilik hamkorligi naqadar muhim ekani alohida ta’kidlandi.
Talabalarga sog‘lom va faol hayot tarzini shakllantirish, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish hamda turli yot g‘oyalarga qarshi mustahkam immunitet hosil qilish yuzasidan foydali tavsiyalar berildi. Yakunda talaba yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldilar.
Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati
English
Русский
Francais
Deutsch
Spain
