MA’RIFATLI AYOL – ZIYOLI AVLOD

Ayolni ulug‘lash – olijanoblikdir. Ammo ayolga bo‘lgan hurmat faqat yaxshi so‘z, bayram tabrigi yoki ehtirom bilan cheklanmaydi. Uning bilim olishi, kasb egallashi, ilm-fan va ijodda o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun imkoniyat yaratish ayolni qadrlashning eng amaliy ko‘rinishlaridan biridir.

Ayolning bilimi ko‘pincha uning o‘zi bilan tugamaydi – u oilaga, farzand tarbiyasiga va keyingi avlodning dunyoqarashiga ko‘chadi. Bilimli ona bolaga faqat o‘qish va yozishni emas, balki fikrlashni, savol berishni, mehnat qilishni hamda kitobni qadrlashni ham o‘rgatadi. Shu bois ayollar ta’limi faqat bir shaxsning kelajagi bilan bog‘liq masala emas, balki jamiyatning intellektual salohiyati, oilaning ma’naviy muhiti hamda kelajak avlodning sifatiga daxldor masaladir.

Markaziy Osiyo tarixiga nazar tashlasak, ilmli, ijodkor, maktabdor, murabbiy va ma’rifat homiysi bo‘lgan ayollar an’anasi uzoq asrlarga borib taqalishini ko‘ramiz.

XII asrda yashagan Fotima binti Muhammad as-Samarqandiy ana shunday siymolardan biri edi. U mashhur faqih Alouddin Samarqandiy oilasida ulg‘ayib, fiqh va hadis ilmlarini chuqur o‘rgangan. Manbalarda uning otasining “Tuhfat ul-fuqaho” asarini puxta bilgani va huquqiy masalalar yuzasidan mustaqil fikr yurita olgani qayd etiladi. Uning faoliyati o‘rta asr ilmiy muhitida ayol kishi faqat tinglovchi emas, balki bilim yaratish va sharhlash jarayonining faol ishtirokchisi bo‘lganini ko‘rsatadi.

Temuriylar davrida ayollarning ma’rifatga xizmat qilishi boshqacha shaklda namoyon bo‘ldi. Saroymulkxonim nomi bilan bog‘liq madrasa Samarqanddagi ilmiy-madaniy muhitning ajralmas qismi edi. Gavharshodbegim esa Hirot va Mashhad madaniy hayotida bunyodkorlik hamda ilm-ma’rifat homiyligi bilan o‘chmas iz qoldirdi. Ular bevosita dars bergan muallimalar bo‘lmasligi mumkin, ammo ilm yashaydigan muhitni yaratishga beqiyos hissa qo‘shganlar. O‘sha davr sharoitida madrasa, kutubxona, masjid yoki ilm ahli uchun yaratilgan sharoit ma’rifatning davomiyligini ta’minlaydigan muhim omil edi.

Boburning qizi Gulbadanbegim esa tarixni yozib qoldirgan ayol sifatida alohida e’tiborga loyiq. Uning “Humoyunnoma” asari saroy hayoti, Boburiylar davri voqealari va tarixiy shaxslar haqida ayol nigohi orqali yetib kelgan nodir manbalardandir. Bu holat ayolning tarixda faqat voqealar ishtirokchisi emas, balki ularni anglovchi va kelajak avlodga yetkazuvchi muallif ham bo‘lganini ko‘rsatadi.

XIX asr Qo‘qon adabiy muhitida ayollar ma’rifati yangi bosqichga ko‘tarildi. Mohlaroyim Nodira ko‘pincha shoira sifatida tilga olinadi, ammo uning faoliyati faqat she’riyat bilan cheklanmagan. U ilm va adabiyot ahlini qo‘llab-quvvatlagan hamda atrofida ijodiy muhit shakllanishiga bosh-qosh bo‘lgan.

Jahon otin Uvaysiy esa ijodkorlik bilan muallimlikni birlashtirgan siymolardan edi. U avval oilaviy muhitda, keyinchalik maktabdorlik faoliyati davomida qizlarga savod va she’riyatdan saboq bergan. Uvaysiy hayotida juda muhim bir jihat ko‘rinadi: ilm olishning tabiiy davomi boshqalarga bilim berishdir. Shu ma’noda Nodira va Uvaysiy faoliyatini bir-biridan ajratib qarash qiyin. Biri ilm va adabiyot uchun muhit yaratgan bo‘lsa, ikkinchisi ana shu muhitda bilimni boshqa ayollarga yetkazgan. Bu an’ana Dilshodi Barno va Anbar Otin faoliyatida ham yaqqol ko‘rinadi.

Dilshodi Barno maktabdorlik qilib, qizlarga savod o‘rgatgan, ijod qilgan va o‘z davrining ijtimoiy hayotiga munosabat bildirgan. Uning maktabida ta’lim olgan Anbar Otin esa keyinchalik o‘zi ham qizlarga ta’lim berdi. Anbar Otin ijodida ayolning jamiyatdagi o‘rni, tengsizlik, ma’rifat va inson qadr-qimmati masalalari teran aks etdi. Uning taqdirida bir muhim qonuniyatni ko‘ramiz: bilim olgan ayol keyinchalik o‘zi boshqa qizlar uchun bilim manbaiga aylangan. Demak, ayollar ma’rifati tarixini faqat mashhur ismlar ro‘yxati sifatida tasavvur qilish to‘g‘ri emas. Bu tarixda ustozlik, davomiylik va bilimning bir avloddan ikkinchisiga o‘tishi bor.

Ayollar ta’limining ta’siri diplom olish bilan tugamaydi. Ta’lim ularning dunyoqarashi, iqtisodiy mustaqilligi, farzand tarbiyasi, sog‘lom qaror qabul qilishi va ijtimoiy faolligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Oilada bola birinchi kitobni kimning qo‘lida ko‘radi? Dastlabki savollariga kimdan javob oladi? Mehnat, halollik, intizom va kitobxonlik haqidagi birinchi tushunchalarni kimdan o‘zlashtiradi? Ko‘p hollarda bu jarayonda onaning o‘rni beqiyosdir. Shu bois qizlarning ta’limiga sarflangan mablag‘ faqat bir insonning kasbiy kelajagiga kiritilgan sarmoya emas, balki kelajakdagi oila muhitiga, bolalarning ta’limga munosabatiga va jamiyatning umumiy intellektual salohiyatiga yo‘naltirilgan sarmoyadir (investitsiyadir). Tarixdagi misollar ham buni tasdiqlaydi: Uvaysiy bilimini boshqalarga ulashdi, Dilshodi Barno maktabida ta’lim olgan Anbar Otin keyinchalik o‘zi qizlarga saboq berdi. Bilim shu tariqa bir insondan ikkinchisiga, bir avloddan keyingisiga o‘tdi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda xotin-qizlarning oliy ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash uchun qator mexanizmlar shakllantirildi.

2020–2024-yillarda ehtiyojmand oilalarga mansub 8 ming 653 nafar xotin-qiz qo‘shimcha davlat grantlari asosida oliy ta’limga qabul qilindi. 2022–2024-yillarda 15 mingdan ortiq magistrant qizlarning kontrakt to‘lovlari qoplab berildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning 52,2 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlarda esa 6 ming 217 nafar xotin-qiz ilmiy tadqiqot olib bormoqda.

Bu raqamlarning ortida oddiy statistikadan kattaroq jarayon bor. Bugungi talaba qiz ertaga o‘qituvchi, olim, shifokor, muhandis, tadbirkor yoki rahbar bo‘lishi mumkin. Keyinchalik u farzandining ta’limga munosabatini shakllantiradigan ota-onalardan biriga aylanadi. Shu sababli xotin-qizlar ta’limiga oid siyosat natijasini faqat oliygohga kirganlar yoki diplom olganlar soni bilan o‘lchash yetarli emas. Bitiruvchi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlayaptimi? Ilmiy faoliyatni davom ettiryaptimi? Rahbarlik va qaror qabul qilish jarayonlarida qatnashyaptimi? O‘z bilimini oilasi va jamiyat farovonligiga aylantira olyaptimi? Masalaning keyingi bosqichi aynan shu savollarga bog‘liq.

Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardagi qizlar uchun ta’lim hayot yo‘nalishini tubdan o‘zgartirishi mumkin. Oliy ma’lumotli ayol mehnat bozorida kengroq tanlovga ega bo‘ladi. Kasbiy malaka uning iqtisodiy mustaqilligini oshiradi, turmush sharoitini yaxshilash va farzandlariga sifatli ta’lim berish imkoniyatlarini kengaytiradi. Shu sababli xotin-qizlarga beriladigan grant, foizsiz ta’lim krediti yoki kontrakt to‘lovini qoplashni faqat moddiy yordam deb baholash yetarli emas. Ular jamiyatdagi ijtimoiy harakatchanlikni kuchaytiradigan vositalardir. Bir oilada oliy ma’lumot olgan birinchi qiz ba’zan undan keyin institutga kiradigan singil, uka yoki farzandlar uchun namuna bo‘ladi. Shu tariqa ta’lim oilaning ichki madaniyatini ham o‘zgartiradi.

Qizlarning institutga kirishi juda muhim, lekin jarayon shu yerda tugamasligi kerak. Ularning magistratura, doktorantura, ilmiy loyihalar va akademik boshqaruvgacha yetib borishi mamlakat ilmiy salohiyati uchun yanada katta ahamiyatga ega. Ilm-fandagi ayol faqat tadqiqotchi emas — u talabalarga ustoz, yosh izlanuvchilarga ilmiy rahbar, yangi ilmiy yo‘nalishning tashabbuskori bo‘lishi mumkin. Uning yaratgan bilimi keyingi tadqiqotlarga asos bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan, minglab xotin-qizlarning ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanayotgani shunchaki statistik ko‘rsatkich emas, balki mamlakat intellektual salohiyatining kengayayotganidan darakdir.

Tarixda Fotima Samarqandiy ilmiy fikr bildirgan, Gulbadanbegim tarix yozgan, Uvaysiy va Dilshodi Barno qizlarga ta’lim bergan, Anbar Otin ma’rifat va ijtimoiy adolat haqida so‘zlagan. Bugungi o‘zbek ayolining ilmiy laboratoriya, institut auditoriyasi yoki tadqiqot markazidagi faoliyati ana shu uzoq tarixiy yo‘lning zamonaviy davomidir.

Tarixiy tajriba ham, bugungi hayot ham bitta muhim xulosaga olib keladi: ayol ta’limi jamiyat taraqqiyotining chekka masalasi emas. Saroymulkxonim va Gavharshodbegim ilm maskanlariga homiylik qilganida, Nodira ijod ahlini qo‘llab-quvvatlaganida, Uvaysiy qizlarga saboq berganida, Dilshodi Barno maktabdorlik qilganida, Anbar Otin o‘z shogirdlariga bilim ulashganida ular faqat o‘z davri uchun xizmat qilmagan. Ularning faoliyati keyingi avlodning ma’naviy xotirasida davom etdi.

Bugun ham shu qonuniyat o‘zgargani yo‘q. Qiz bola ta’limi faqat bir oilaning yutug‘i emas. Uning bilimi farzand tarbiyasiga, oilaning iqtisodiy farovonligiga, mehnat madaniyatiga, ilm-fanga va jamiyatning fikrlash darajasiga ta’sir qiladi. Shuning uchun ayol kishini e’zozlashning eng ta’sirchan shakllaridan biri unga bilim olish imkonini berish, egallagan bilimini amalda ro‘yobga chiqarishi uchun sharoit yaratib berishdir. Chunki bilimli ayol faqat ma’lumotli inson emas, balki farzandiga kitob tutadigan ona, talabaga yo‘l ko‘rsatadigan ustoz, yangi bilim yaratadigan olim, oilani oyoqqa turg‘izadigan mutaxassis va, kerak bo‘lsa, jamiyatning ertangi qiyofasini o‘zgartiradigan buyuk kuchdir.

Bir ayolning ta’limi, aslida, bir butun avlodning imkoniyatidir.

Iroda PARDAYEVA,

Samarqand davlat chet tillar instituti

“Qiyosiy adabiyotshunoslik” kafedrasi v.b. professori

Share:
2026-09-24 15:42:31 45