Bugungi jadal rivojlanayotgan davrda ta’lim sifati va samaradorligini oshirish har qanday mamlakatning strategik taraqqiyotini belgilab beruvchi eng ustuvor omillardan biri hisoblanadi. Zamonaviy mehnat bozori talablariga javob beradigan, raqobatbardosh va yuqori malakali kadrlarni tayyorlash nafaqat ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilashni, balki butun tizimda sifatni ta’minlashning ilg‘or xalqaro mexanizmlari hamda innovatsion boshqaruv modellarini joriy etishni taqazo etadi. Ta’lim jarayonlarini raqamlashtirish, xavf-xatarlarni tahlil qilish hamda muassasalarda barqaror sifat madaniyatini shakllantirish orqali o‘qitish samaradorligini yangi bosqichga olib chiqish mumkin.
Ma’lumki, 2025-yil 8-sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-275-sonli qarori qabul qilingandi. Mazkur qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tashkil etildi va unga ta’lim tizimida tashqi sifat nazoratini amalga oshiruvchi maxsus vakolatli davlat organi maqomi berildi. Agentlik o‘rta maxsus, kasbiy, oliy, oliy ta’limdan keyingi ta’lim, malaka oshirish va malakalarni baholash sohalarini qamrab oladi.
Qarorning ahamiyatli jihati shundan iboratki, endilikda ta’lim sifatini baholash faqat hujjatlar asosida emas, balki xalqaro standartlar, akkreditatsiya, reyting, monitoring va real natijalar asosida amalga oshiriladi. Bunda mustaqil tashqi baholash tizimi yaratilib, Milliy agentlikning baholash jarayonlari mustaqil va xolis amalga oshirilishi ta’minlanadi. Ilgari ta’lim muassasasi faoliyati hamda ta’lim sifati ko‘pincha tizimning ichida baholanar edi. Endi esa alohida vakolatli organ universitet, institut, texnikum, kasb-hunar ta’limi muassasalari hamda malaka oshirish tizimlari faoliyati samaradorligini tashqaridan baholaydi. Bu xalqaro tajribadagi “external quality assurance” (ta’lim sifatini tashqi baholash) modeliga to‘liq mos keladi va davlat ta’lim muassasalari akkreditatsiyasi tizimini tubdan takomillashtirish imkonini beradi. Natijada fan dasturlari sifati ichki mehnat bozori ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi, talab darajasiga javob bermaydigan muassasalar nazoratga olinadi va ularni rivojlantirish chora-tadbirlari tizimli ravishda amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, Milliy agentlik tomonidan milliy reyting tizimi joriy etilgan. Unda respublikamiz oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ta’lim va ilmiy faoliyat sifatini qiyosiy baholash asosida milliy reyting yuritilmoqda. Bu juda muhim yangilikdir. Reytinglar orqali oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti paydo bo‘ldi. Agentlik tomonidan OTMlar faoliyatining real vaqtdagi monitoringi olib borilib, ta’lim sifati yuqori bo‘lgan muassasalar aniqlanmoqda va birinchi o‘rinni egallagan ta’lim tashkilotini moliyaviy rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan. Bu rag‘bat pedagog-xodimlar xizmatlarini munosib e’tirof etish, ularni moliyaviy taqdirlash hamda muassasaning moddiy-texnik bazasini yanada takomillashtirishga yo‘naltiriladi.
Milliy reyting natijalari tahlili oliy ta’lim muassasalari faoliyatini xolis baholash, oqsayotgan sohalarni yuksaltirish va ta’limga oid davlat qarorlarini aniq ma’lumotlar asosida qabul qilishni ta’minlaydi. Reyting jarayonida sifat madaniyatiga alohida urg‘u beriladi. Unda sifat madaniyatini shakllantirish, ichki sifat nazoratini rivojlantirish va metodik yordam ko‘rsatish Agentlikning asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilangan. Chunki zamonaviy sifat menejmentida shunchaki nazoratdan ko‘ra “sifat madaniyati” tushunchasi ustuvor ahamiyat kasb etadi. Eng asosiysi, milliy reyting OTM faoliyatini xalqaro standartlarga moslashtirishning eng samarali mexanizmi bo‘lib xizmat qiladi. Agentlik o‘z oldiga bir qator muhim maqsadlarni qo‘ygan; jumladan, xalqaro ekspert tashkilotlariga a’zo bo‘lish, xalqaro akkreditatsiya tizimlari bilan ishlash va milliy akkreditatsiyaning xalqaro miqyosda tan olinishini ta’minlash kabi pirovard vazifalar belgilab olingan. Bu yurtimiz OTMlari diplomlarining mahalliy hamda xalqaro jamiyatdagi nufuzi oshishiga, xalqaro hamkorlikning kuchayishiga va OTMlarimizning global reytinglarda faolroq ishtirok etishiga xizmat qiladi. Ta’lim muassasalari faoliyati hamda ta’lim dasturlari mazmunini muvofiqlashtirish mehnat bozori talablarini inobatga olgan holda, talabalar va ish beruvchilarning fikri hamda takliflarini tahlil qilish orqali amalga oshiriladi.
Agentlikning Milliy reytingni yuritish mexanizmi deyarli to‘liq raqamlashtirilgan bo‘lib, u barcha tegishli soha reestrlari bilan integratsiyalangan. Unda inson omilisiz, tegishli ma’lumotlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn ma’lumotlar bazasidan yuklab olinadi. Ma’lumotlar tezkor va, eng asosiysi, asosli hamda sifatli tahlil qilinadi. Bu juda katta yuklamaga ega va ko‘p vaqt talab etadigan jarayondir. Sun’iy intellekt ushbu murakkab jarayonni sezilarli darajada tezlashtiradi. Bunday ko‘p tarmoqli jarayonni amalga oshirish uchun Agentlik kun sayin o‘zining moddiy-texnik bazasi imkoniyatlarini zamon talablariga va xalqaro andazalarga mos tarzda kengaytirib va takomillashtirib bormoqda.
Agentlik tashkil etilgandan buyon ta’lim sifatini ta’minlash sohasining vakillari hamda yetakchi xalqaro ekspertlar ishtirokida uchrashuv va amaliy seminarlar o‘tkazib kelinmoqda. Ushbu tadbirlarda ta’lim sifatini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan Genish qamrovli ishlar, erishilgan yutuqlar tanishtirilib, kelgusidagi vazifalar belgilab olinmoqda. Maqsad – respublikamiz ta’lim muassasalari nufuzini nafaqat mahalliy miqyosda, balki jahon andazalari talablariga javob bera oladigan bilim maskanlariga aylantirish hamda mahalliy va xalqaro mehnat bozoriga yetuk, raqobatbardosh kadrlar avlodini yetkazib berishdan iboratdir.
O‘tgan 2025–2026-o‘quv yili davomida va yakunida Agentlik tomonidan umummilliy talabalar va ish beruvchilar so‘rovnomalari o‘tkazildi. Mazkur so‘rovnomalarda institutimizning sobiq bitiruvchilari hamda ish beruvchilar faol ishtirok etishdi. Bu kabi tadbirlar ta’lim sifati va mazmunini muvofiqlashtirishga qaratilgan dolzarb yondashuv hisoblanadi. Chunki ta’lim sifatini nafaqat ta’lim muassasasi yoki vazirlik, balki talaba, bitiruvchi va, eng asosiysi, ish beruvchining o‘zi baholashi lozim.
Ta’lim muassasalari faoliyatini tubdan isloh qilish yo‘lidagi eng muhim qadamlardan biri – tashqi baholash jarayonlariga “xavfni tahlil qilish” tizimining joriy etilishidir. Unda muammoli ta’lim muassasalari hamda ta’lim jarayonidagi yuqori xavfli yo‘nalishlar oldindan aniqlanib, resurslar samarali taqsimlanadi. Rivojlangan davlatlarda bu yondashuv “risk-based quality assurance” (xavf-xatarlarga asoslangan sifatni ta’minlash) modeliga mos keladi.
Ta’lim sifatini ta’minlash bo‘limi mutaxassisi nuqtayi nazaridan qaraganda, amalga oshirilayotgan islohotlar strategik sifat menejmenti, akkreditatsiya, risk-tahlil va “evidence-based management” (dalillarga asoslangan boshqaruv) tizimi kabi yondashuvlarni taqazo etmoqda.
Bugungi kunda oliy ta’lim muassasasi tarkibidagi Ta’lim sifati nazorati bo‘limi eng muhim bo‘g‘inlardan biridir. Uning zimmasiga ta’lim jarayoni sifatini muntazam monitoring qilish, baholash va takomillashtirish vazifasi yuklangan. Ta’lim sifatini ta’minlash bir qator amaliy tadbirlarni talab etadi, dars mashg‘ulotlari sifatini kuzatish orqali monitoring olib borish, o‘quv rejalari va fan dasturlarining qamrovi hamda natijadorligini tahlil qilish shular jumlasidandir. Natijadorlik talabalarning bilim darajasi va professor-o‘qituvchilar faoliyatining samaradorligini tahlil qilish orqali aniqlanadi. Har bir semestr yakunida talabalarning fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari, akademik qarzdorlik darajasi, GPA (o‘rtacha ball ko‘rsatkichi) natijalari hamda bitiruvchilarning ko‘rsatkichlari tahlil qilib boriladi.
Ta’lim sifatini ta’minlash bo‘limining asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri – ichki sifat auditlarini o‘tkazishdir. Bunda ta’lim jarayonida bevosita ishtirok etuvchi bo‘g‘inlar – bo‘limlar, fakultetlar va kafedralarda hujjatlarning yuritilishi, fan sillabuslari, natijadorlik tahlillari, baholash mezonlari, o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari monitoringi hamda elektron platformalarning ishlash holati va samaradorligi ichki auditdan o‘tkaziladi. Ta’lim sifatini ta’minlashdagi eng muhim omillardan biri talabalar va bitiruvchilar o‘rtasida ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazish orqali ularning fikrini muntazam o‘rganishdir. Xalqaro tajribada bitiruvchilar bilan uzviy aloqalar o‘rnatilib, ular bilan intervyular hamda fokus-guruhlar tashkil etiladi. Bunda talabalarning fikr-mulohazalari hal qiluvchi ahamiyatga ega hisoblanadi.
Ta’lim sifatini ta’minlashda markaziy omil – dars sifati va o‘qituvchi faoliyatining samaradorligidir. Keyingi o‘rinlarni muassasa infratuzilmasi hamda ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati egallaydi. To‘g‘ri tashkil etilgan boshqaruv ushbu barcha qatlamlarni yaxlit qamrab olishi bilan belgilanadi.
So‘nggi yillarda yetakchi xalqaro ta’lim muassasalari sifat menejmentida eng samarali sanalgan PDCA — Plan (rejalashtirish), Do (amalga oshirish), Check (monitoring va baholash) hamda Act (takomillashtirish) modeli amaliyotga kirib keldi. Tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, ushbu model sifatni uzluksiz yaxshilashga xizmat qiladi va respublikamiz ta’lim tizimiga ham faol tatbiq etilmoqda.
Shubhasiz, ta’lim sifatini ta’minlash o‘zaro ishonch va hamkorlikni talab etadi. Talabalar hamda ichki mehnat bozori vakillarining ta’lim jarayonidagi faol ishtiroki yo‘nalishlarni to‘g‘ri tanlash va ularning muvaffaqiyatli istiqbolini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. O‘z navbatida, ta’lim jarayonining markaziy ishtirokchilari bo‘lmish pedagog-xodimlar ham ta’lim sifatiga bo‘lgan munosabatlarini tubdan o‘zgartirishlari lozim. Sifat madaniyatining yetarli darajada shakllanmagani jiddiy kamchiliklarga hamda sifatni ta’minlash tadbirlariga nisbatan salbiy kayfiyatning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Aksariyat professor-o‘qituvchilar sifatni ta’minlash jarayoniga daxldorlik hissini tuymay, uni ortiqcha hujjatbozlik va nazorat vositasi sifatida qabul qilishadi. Oqibatda sifatni ta’minlash tizimi rasmiy tus olib qoladi.
So‘rovnomalarda talabalar, bitiruvchilar hamda ish beruvchilarning faollik darajasi pastligi yoki javoblarning yuzaki va noxolisligi ham sifatli ta’limni tashkil etishda muammo tug‘diradi.
Ba’zan xodimlar audit natijalarini shaxsiy tanqid sifatida qabul qilib, kamchiliklarni yashirishga urinadilar. Bu esa vaziyatni shaffof baholashga hamda to‘g‘ri qarorlar qabul qilishga xalaqit beradi. Eng achinarlisi, ular o‘zgarishlarga qarshilik ko‘rsatishadi. Bunday muammolarni bartaraf etish uchun professor-o‘qituvchilar va xodimlar o‘rtasida “Sifatni ta’minlash – bu nazorat emas, balki rivojlanish vositasidir” degan tushuncha va sifat madaniyatini shakllantirish zarur.
Sifatli ta’lim ko‘plab omillarda, jumladan, evidence-based management (qarorlarning faqat dalil va faktlarga asoslanishi), GPA (o‘rtacha ball ko‘rsatkichi) ko‘rsatkichlari, mehnat bozoridagi barqaror hamkorlik hamda bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanganlik darajasini muntazam tahlil qilishda aks etadi. Sifatni ta’minlashda risklarni boshqarish ham muhim bo‘lib, bu har bir ta’lim dasturi uchun xavf-xatarlar xaritasini (risklar xaritasini) tuzish orqali amalga oshiriladi. Xalqaro maydonda o‘z o‘rniga ega bo‘lish va top-universitetlar qatoriga kirish uchun ta’lim jarayoniga xalqaro standartlarni joriy etish lozim.
Bugungi kunda dunyoning ko‘plab nufuzli universitetlari o‘z faoliyatini xalqaro sifat standartlari asosida tashkil etmoqda. Masalan, ESG (European Standards and Guidelines) ichki va tashqi sifat kafolati uchun umumiy freymvork hisoblansa, ISO 21001 va ISO 9001 sifat menejmenti prinsiplarini belgilab beradi.
Ta’lim muassasalarining barqaror rivojlanishini ta’minlovchi asosiy omillar – dunyoning yetakchi universitetlari bilan hamkorlik, xalqaro tajriba va standartlarga javob beradigan ta’lim tizimi hamda sifatni ta’minlashning samarali mexanizmlariga ega bo‘lishdir.
Yaqin yillarda ta’lim sifatini ta’minlashga mas’ul bo‘limlar quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga ko‘proq e’tibor qaratishadi:
· Learning analytics – talabalarning o‘quv faoliyatini katta ma’lumotlar asosida tahlil qilish;
· AI asosidagi sifat monitoringi – sun’iy intellekt yordamida dars sifati, talabalar faolligi va akademik risklarni erta aniqlash;
· Student-centered education – talaba markazlashgan ta’lim tizimini sifatning asosiy mezoniga aylantirish;
· Outcome-based education – natijadorlikka asoslangan ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yish.
Xulosa qilib aytganda, ta’lim jarayonini samarali tashkil etish uchun muassasa tuzilmasida strategik rivojlanish markazi, analitik markaz, akkreditatsiya koordinatori hamda sifat madaniyatini shakllantiruvchi bo‘linmalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish lozim. Muvaffaqiyatli ta’lim muassasasi PDCA modeli, raqamlashtirilgan boshqaruv, “evidence-based management” hamda xalqaro standartlar uyg‘unligiga tayanadi. Eng asosiysi, jamoada sifat madaniyati shakllanishi va har bir bo‘g‘in yaxlit mexanizm sifatida faoliyat yuritishi zarur. Sifatli ta’lim – bu o‘zaro ishonch, halollik, yuqori mas’uliyat va hamjihatlik demakdir.
Ulug‘bek YARBEKOV,
Samarqand davlat chet tillar instituti
Ta’lim sifati nazorati bo‘limi boshlig‘i
English
Русский
Francais
Deutsch
Spain
