
Assalomu alaykum, muhtaram ustozlar, hurmatli hamkasblar va aziz murabbiylar!
Sizlarni bugun mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlanayotgan 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni ayyomi bilan muborakbod etaman!
Ustozni bejizga qorong‘ilikka nur beruvchi chiroqqa, qalblarga ma’rifat urug‘ini ekuvchi bog‘bonga va insoniyatni kamolot sari yetaklovchi fidoyi yo‘lboshchiga mengzashmaydi. Shu sababli ham xalqimiz qadimdan ustoz va murabbiylarni yuksaklikka ko‘tarib, ularning mashaqqatli, mas’uliyatli hamda sharafli mehnatiga chuqur ehtirom ko‘rsatib kelgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, uning sifati va samaradorligini oshirish borasida olamshumul islohotlar amalga oshirilmoqda. Oliy ta’lim muassasalarining akademik va moliyaviy mustaqilligi ta’minlangani, moddiy-texnik bazasi tubdan mustahkamlanib borayotgani, yil sayin qamrovning oshayotgani hamda ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tizimi yo‘lga qo‘yilgani islohotlar o‘zining ijobiy natijalarini berayotganidan darakdir.
Institutimiz ham ushbu islohotlar natijasida bugungi kunda dunyoning eng nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatib, xalqaro ta’lim standartlarini amaliyotga tatbiq etib kelmoqda.
Professor-o‘qituvchilarimizning xalqaro ilmiy platformalardagi ishtiroki, xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha ilg‘or metodikalarning yo‘lga qo‘yilgani, ilmiy salohiyatning oshib borayotgani hamda talabalarimizning nufuzli tanlovlar va xalqaro loyihalardagi yutuqlari – barchamizning birgalikdagi samarali mehnatimiz mahsuli ekani qalbimizni iftixorga to‘ldirmoqda. Xalqaro nufuzli reytinglarda oliygohimiz pog‘onama-pog‘ona ko‘tarilib borayotgani, Yevropa ta’lim sifati agentligidan institutsional akkreditatsiyadan o‘tgani hamda bitiruvchilarimizning diplomi butun dunyo miqyosida tan olinayotgani jamoamizning fidokorona mehnati mevasi ekanini mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchiman.
Qadrli ustozlar!
Yangi O‘zbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini qo‘yish kabi ulug‘vor maqsadlarimiz markazida, eng avvalo, har tomonlama barkamol, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega yosh avlodga ilm beruvchi ustozlar turadi. Yoshlarimizga sifatli ta’lim berish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashdek mas’uliyatli hamda sharafli vazifani ado etishda Sizlarning bilimingiz, tajribangiz va fidoyiligingiz beqiyosdir.
Sabr-toqatingiz, kasbingizga bo‘lgan sadoqatingiz, yoshlar istiqboli yo‘lidagi yuksak mas’uliyatingiz va kelajakka bo‘lgan ishonchingiz tahsinga sazovor.
Fursatdan foydalanib, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy totuvlik, ko‘ngil xotirjamligi tilayman. Mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizda, ilm hamda ma’rifat yo‘lidagi ezgu ishlaringizda Alloh madadkor bo‘lsin!
Bayramingiz muborak bo‘lsin, muhtaram ustozlar, qadrli hamkasblar!
Bahodir XOLIQOV,
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori
Share:
2026-09-30 22:47:27
18
English
Русский
Francais
Deutsch
Spain
