Zamonaviy ta’lim va xalqaro imkoniyatlar maskani

Bugungi kunda Samarqand davlat chet tillar instituti xorijiy tillarni mukammal egallagan, zamonaviy bilim hamda ko‘nikmalarga ega, xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan yirik oliy ta’lim muassasalaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.

Ayni paytda bu yerda 12 278 nafar talaba tahsil olmoqda. Ta’lim jarayoni 8 ta fakultet va 28 ta kafedra faoliyati asosida tashkil etilgan bo‘lib, bakalavriat hamda magistratura bosqichlarida zamonaviy mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda. Talabalar sonining ortib borishi bilan bir qatorda institutda ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish, zamonaviy ta’lim muhitini shakllantirish hamda xalqaro imkoniyatlarni kengaytirish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.

Institutda o‘quv jarayonini zamonaviy talablar asosida tashkil etish maqsadida yangi o‘quv binolari va infratuzilma barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, 2024-2025-o‘quv yili arafasida 2 ming o‘rinli, 7 qavatli yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirildi. Mazkur muhtasham majmuada zamonaviy o‘quv xonalari, faollar zali, Axborot-resurs markazi, sinxron tarjima amaliyoti xonalari, konferensiyalar zali hamda sport va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar uchun maxsus xonalar tashkil etilgan. Bu kabi infratuzilmaviy yangilanishlar talabalarga faqat auditoriyada bilim olish emas, balki mustaqil izlanish, amaliy mashg‘ulot, tarjima ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda sport bilan shug‘ullanish uchun keng imkoniyatlar beradi.

Bugungi ta’limning eng muhim yo‘nalishlaridan biri – raqamlashtirish hisoblanadi. Shu maqsadda institutda Raqamli ta’lim texnologiyalari markazi faoliyat yuritmoqda. Markaz masofaviy ta’limni rivojlantirish, elektron resurslar va elektron kutubxonani boyitish hamda ta’lim jarayonini avtomatlashtirish kabi muhim vazifalarni amalga oshirib kelmoqda.

Oliygoh jamoasi rejasida internet imkoniyatlarini kengaytirish, multimedia o‘quv xonalarini ko‘paytirish va Wi-Fi qamrovini oshirish kabi muhim vazifalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 2026-yil uchun masofaviy ta’limni rivojlantirish, “Blended learning”, “Flipped classroom” kabi zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish va sun’iy intellekt asosida baholash tizimini yaratish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilangan.

Samarqand davlat chet tillar institutining boshqa oliy ta’lim tashkilotlaridan asosiy ustunliklaridan biri – xalqaro hamkorlikning izchil kengayib borayotganidir. Institut Janubiy Koreya, Xitoy, Yaponiya, Malayziya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Meksika, Ispaniya, Fransiya, Italiya, AQSh, Turkiya kabi rivojlangan davlatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatgan.

Xalqaro hamkorlik doirasida 2025-yil davomida 21 ta yangi xalqaro hujjat imzolangan bo‘lib, amaldagi shartnomalar soni 124 taga yetdi. Imzolangan ushbu hujjatlar natijasida 43 nafar talaba Yaponiya, Germaniya, Italiya, Fransiya va Xitoydagi oliygohlarda tahsil olib qaytdi. Shu bilan birga, 108 nafar professor-o‘qituvchi TOP-1000 talikka kiruvchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarida malaka oshirdi.

Buyuk Britaniyaning Grinvich universiteti (University of Greenwich) hamda GEMS (ta’lim sohasida faoliyat yurituvchi va xalqaro miqyosda mashhur tashkilot) bilan xalqaro qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirish va talabalarga ikki diplom olish imkoniyatini yaratish rejalashtirilgan. AQShning “Digitus Network” kompaniyasi bilan onlayn ta’lim dasturlarini ishlab chiqish hamda raqamli ta’lim infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha shartnoma imzolangan.

Erasmus+ kabi xalqaro dasturlar va akademik almashinuv loyihalari esa talabalarning xorijda ta’lim olishi hamda chet tilini real kommunikativ muhitda o‘rganishlariga xizmat qilmoqda.

Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati

Share:
2026-10-05 14:23:57 223