CHUYADAN OXFORDGACHA CHO‘ZILGAN ZAFAR VA SHARAF YO‘LI

Yangi O‘zbekistonda yoshlarga berilayotgan e’tibor, yaratib berilayotgan shart-sharoitlar shunchaki nazariy raqamlar emas, balki chekka ovul va qishloqlardan dunyoning eng nufuzli ilm dargohlarigacha yetib borayotgan ming-minglab o‘zbek yoshlarining erishayotgan muvaffaqiyatlarida o‘z aksini topmoqda. Navoiy viloyatining Nurota tumanidagi Chuya qishlog‘idan chiqqan yosh olim Sanjar Jumanazarovning Buyuk Britaniyaning mashhur Oxford Brookes universitetida PhD dissertatsiyasini muddatidan avval muvaffaqiyatli himoya qilgani buning yorqin va hayotiy isbotidir.

Sanjar Jumanazarovning ilm-fan cho‘qqilarini zabt etish yo‘li Samarqand davlat chet tillari institutida tahsil olishdan boshlangan edi. Oliygohda olgan puxta bilimi va mustahkam poydevori hamda ilmga bo‘lgan cheksiz ishtiyoqi uni tez fursatda xalqaro maydonga olib chiqdi. U Janubiy Koreyaning Sejong universitetida magistrlik darajasini olib, so‘ngra AQShning Vayoming universiteti hamda Germaniyaning Konstans amaliy fanlar universitetida malaka oshirdi. Bu kabi xalqaro tajriba zamonaviy o‘zbek yoshlarining dunyo ilm-fani talablariga to‘liq javob bera olishini yana bir bor ko‘rsatadi.

Bugungi kunda davlatimiz rahbari boshchiligida iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni dunyoning nufuzli hamda yetakchi oliygohlarida o‘qitish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 2023-yilda Sanjar Jumanazarovning «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiyasi g‘olibi bo‘lishi u uchun mutlaqo yangi ufqni ochib berdi.

Aynan ushbu moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlov sabab u Angliyaning Oxford Brookes universitetining «Turizm va xalqaro mehmondo‘stlikni boshqarish» yo‘nalishi doktoranturasida o‘z tadqiqotlarini boshladi. «Graduate School Annual Research Exhibition 2025» ko‘rgazmasida 50 dan ortiq xalqaro loyihalar orasida 1-o‘rinni egallagani va joriy yilning 10-sentabrida PhD dissertatsiyasini muddatidan avval himoya qilgani – yurtimizda yoshlarga ko‘rsatilayotgan yuksak ishonchning natijasi bo‘ldi.

– «El-yurt umidi» stipendiati bo‘lish men uchun shunchaki imkoniyat emas, balki ota-onam, ustozlarim, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va xalqimiz bildirgan yuksak ishonchdir, – deydi Sanjar Jumanazarov. – Jamg‘arma xorijdagi mashaqqatli ilm yo‘lida yolg‘iz emasligimizni, ortimizda ona Vatan turganini doimo his qildirib turdi.

Olimning tadqiqot ishi tasodifiy mavzu emas: u madaniy meros obyektlarini asrash va sayyohlarning tarixiy maskanlardagi xatti-harakatlarini boshqarishga bag‘ishlangan. Ming yillik obidalar va boy madaniy merosga ega bo‘lgan O‘zbekiston uchun bu strategik ahamiyatga ega ilmiy amaliyotdir. Tadqiqotning bosh maqsadi – nodir yodgorliklarni kelajak avlodga bezavol yetkazish bilan birga, sayyohlar safarini tizimli hamda mazmunli tashkil etishdan iborat. Sanjarning ta’kidlashicha, Vataniga qaytgan xorijlik sayyohning O‘zbekiston haqidagi ijobiy fikrlari va boy taassurotlari mamlakatimiz turizmining rivoji uchun bosh omildir.


Bugun Nurotaning Chuya qishlog‘idan boshlangan yo‘l xorijiy davlatlardan so‘ng yana ona yurtga – Yangi O‘zbekistonga qaytdi. Ilmiy daraja va jahon andazalariga mos aniq rejalar bilan qaytgan Sanjar Jumanazarov Xalqaro turizm akademiyasida faoliyat olib borish bilan birga, mamlakatimizda turizm ta’limini yangi bosqichga olib chiqish, madaniy meros obyektlarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda xalqaro ilmiy yangiliklarni O‘zbekiston misolida amaliyotga joriy etishga kirishgan.

Sanjar Jumanazarov kabi yoshlarning muvaffaqiyati shuni ko‘rsatadiki, bugungi kunda O‘zbekistonda yoshlar uchun barcha eshiklar ochiq, imkoniyatlar nihoyatda keng. Eng muhimi – bilim olishga intilish va Vatanga xizmat qilish tuyg‘usi yoshlarimizni yuksak dovonlar sari chorlamoqda.

Ahror RUSTAMOV,
Samarqand davlat chet tillari instituti
Axborot xizmati bosh mutaxassisi

Share:
2026-10-13 18:09:25 311