O‘zbek tili, jurnalistika va kompyuter lingvistikasi kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan tashkil etilgan tadbirni Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor O‘. Sattorov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Anjumanda so‘zga chiqqan professor-o‘qituvchilardan X. Xayrullayev, A. Turobov, Sh. Turniyozova va boshqalar ta’lim tizimida yaratilayotgan keng imkoniyatlar natijasida erishilayotgan yutuqlar xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotganini ta’kidlashdi. Jumladan, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani ona tilimizning izchil taraqqiy etishi uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilayotgani alohida qayd etildi. Tilga bo‘lgan e’tibor natijasida tilshunoslik va adabiyotshunoslikning turli yo‘nalishlarida keng ko‘lamli ilmiy tadqiqotlar olib borilayotgani haqida ham so‘z yuritildi.
Mazkur anjumanning tillararo aloqalarni mustahkamlash, milliy til qonuniyatlarini aniqlash, shuningdek, adabiyotshunoslikdagi muhim o‘zgarishlarni tadqiq etish va talqin qilish borasidagi ahamiyati alohida qayd etildi.
Keyingi yillarda zamonaviy tilshunoslikda lisoniy hodisalarni tilshunoslikning boshqa fanlar bilan o‘zaro aloqadorligi doirasida tadqiq etish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Zero, bunday yondashuvlar til birliklarini bir sath doirasidagina emas, balki yanada chuqurroq o‘rganish, ilmiy bilimlarni yangi dalillar bilan boyitish hamda til hodisalarining turli jihatlarini ochib berish imkonini yaratadi. Tadqiqotlarga ana shunday yondashuvlar natijasida zamonaviy tilshunoslikda derivatsiya, psixolingvistika, etnopsixolingvistika, sotsiolingvistika kabi bir qator yo‘nalishlar shakllandi. Mazkur sohalar zamonaviy tilshunoslikning taraqqiyoti va rivojlanishida muhim o‘rin tutadi.
Anjuman “Sistem va struktur tilshunoslik muammolari”, “Til taraqqiyotining derivatsion qonuniyatlari”, “Kognitiv va pragmatik tilshunoslik masalalari”, “Zamonaviy tilshunoslikda matn nazariyasi va ta’lim uslubiyati masalalari”, “Til va adabiyot nazariyasi” kabi sho‘balarga bo‘lingan holda davom etdi.
Sho‘ba yig‘ilishlarida zamonaviy tilshunoslik va uning turli yo‘nalishlariga oid ilmiy qarashlar, nazariy yondashuvlar hamda dolzarb masalalar muhokama qilindi. Olim va tadqiqotchilar tilshunoslikning muhim muammolari, til taraqqiyotining o‘ziga xos qonuniyatlari va lisoniy hodisalarni tadqiq etishning zamonaviy usullari yuzasidan fikr almashishdi.
Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati
English
Русский
Francais
Deutsch
Spain
