21-oktabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun va O‘zbek tili bayrami munosabati bilan Samarqand davlat chet tillar instituti rektori B.Xoliqovning muassasa jamoasiga bayram tabrigi

Assalomu alaykum, muhtaram ustozlar, qadrli hamkasblar, aziz talabalar!

Sizlarni 21-oktabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan qutlug‘ sana va O‘zbek tili bayrami bilan samimiy muborakbod etaman!

Ona tilimiz milliy o‘zligimiz ko‘zgusi, ma’naviy boyligimiz, ajdodlarimizdan bizga yetib kelgan bebaho meros hisoblanadi. Til bor ekan, millat mavjud, uning adabiyoti va san’ati, ma’naviyati va kelajagi barhayotdir.

Bugungi kunda mamlakatimizda davlat tiliga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirish borasidagi izchil islohotlar hamda BMT minbarlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va davlatimiz mutasaddilari tomonidan ona tilimizda nutq so‘zlanayotgani qalbimizga cheksiz g‘urur va iftixor bag‘ishlamoqda.

Samarqand davlat chet tillar institutida nafaqat xorijiy tillarni chuqur o‘rgatish, balki ona tilimiz – o‘zbek tilini dunyo miqyosida keng targ‘ib etish, uning xalqaro nufuzini oshirish yo‘lida e’tirof etishga loyiq ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Jamoamiz va talabalarimiz italyan, ispan, fransuz, nemis, ingliz, rus, turk, arab, xitoy, koreys, yapon kabi dunyoning yetakchi tillarini puxta egallash bilan birga, o‘zbek tilining o‘rni va ahamiyatini ham hamisha birinchi o‘ringa qo‘ymoqdalar. Ayniqsa, institutimizda tahsil olayotgan mahalliy hamda xorijlik talabalar uchun o‘zbek tili va milliy madaniyatimizni tanishtirish, o‘rgatish bo‘yicha keng imkoniyatlar yaratilgani e’tirofga loyiqdir.

O‘zbek tilini xorijiy davlatlarda keng targ‘ib qilish, uni o‘rganish istagidagi chet ellik yoshlar uchun ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish hamda akademik hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Institutimiz bu borada dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Masalan, AQSHning Indiana universiteti (Blumington), Germaniyaning Humboldt universiteti hamda Italiyaning Neapol Sharqshunoslik universiteti bilan xorijlik yoshlarga o‘zbek tilini o‘qitish va o‘rgatish bo‘yicha maxsus ta’lim dasturlari hamda qisqa muddatli o‘quv mashg‘ulotlari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Ushbu loyihalar xorijlik talabalarga o‘zbek tilini bevosita ona tilida so‘zlashuvchilar muhitida o‘rganish imkonini berib, xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy rishtalarni yanada mustahkamlamoqda.

Muhtaram ustozlar!
Sizlar bugungi kunda Uchinchi Renessans poydevorini qurayotgan, Yangi O‘zbekistonni barpo etayotgan navqiron avlod qalbiga ona tilimizga bo‘lgan muhabbat va hurmat tuyg‘usini jo etib kelmoqdasiz. Millatimizning ma’naviy ustuni bo‘lmish o‘zbek tilini yoshlarga chuqur o‘rgatishdek, uning boyligi, jozibasi va nafosatini anglatishdek sharafli, shu bilan birga, nihoyatda mas’uliyatli vazifani fidoyilik bilan ado etib kelayotganingiz tahsinga sazavor.

O‘zbek tilining xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirish, uni kelajak avlodga sof va boy holda yetkazish har birimizning sharafli burchimizdir. Institutimizning har bir vakili ushbu ezgu ishga munosib hissa qo‘shishda davom etishiga ishonaman.

Sizlarga mustahkam sog‘lik, oilaviy xotirjamlik, ilmiy va ijodiy faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman.
Ona tilimizning shonu shavkati va jozibasi hamisha baland bo‘lsin!

Bayramingiz muborak bo‘lsin!

Share:
2026-10-20 18:20:46 57