
Ko‘pchilik pensiya yoshiga yetgan har bir fuqaro pensiya oladi, deb hisoblaydi. Aslida pensiya yoshiga yetishning o‘zi yetarli emas – qonunda belgilangan ish staji ham mavjud bo‘lishi kerak.
“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonunning 7-moddasiga ko‘ra, yoshga doir pensiya olish uchun:
🔹 erkak 60 yoshga to‘lgan va kamida 25 yil ish stajiga;
🔹 ayol 55 yoshga to‘lgan va kamida 20 yil ish stajiga ega bo‘lishi kerak.
❓Agar ushbu staj to‘liq bo‘lmasa-chi?
Qonunning 8-moddasiga muvofiq, fuqaroning kamida 7 yil pensiya staji mavjud bo‘lsa, unga bor stajiga mutanosib ravishda yoshga doir pensiya tayinlanadi.
Demak:
▪️ 20 yil stajga ega ayolga – umumiy tartibda pensiya;
▪️ 7 yildan 20 yilgacha stajga ega ayolga – bor stajiga mutanosib pensiya;
▪️ 7 yildan kam stajga ega ayolga – yoshga doir pensiya tayinlanmaydi.
❓Bola tarbiyalagan davr stajga qo‘shiladimi?
Qonunning 37-moddasiga ko‘ra, bola 3 yoshga to‘lguniga qadar bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lgan davrlar jami 6 yilgacha ish stajiga qo‘shilishi mumkin.
Biroq buning uchun fuqaroning mehnat, tadbirkorlik yoki ijtimoiy soliq to‘langan boshqa faoliyatdan kamida 7 yillik asosiy ish staji bo‘lishi kerak.
💁♂️ Masalan, ayol faqat 3 yil ishlagan bo‘lsa, bola parvarishlagan yillarni qo‘shib, uning stajini 7 yilga yetkazib bo‘lmaydi. Shuningdek, 4 nafar farzandni voyaga yetkazganlikning o‘zi alohida pensiya imtiyozini bermaydi.
❓Pensiya tayinlanmasa, fuqaro umuman to‘lovsiz qoladimi?
Yo‘q. Pensiya tayinlash uchun zarur ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslarga yoshga doir nafaqa beriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 23-martdagi 119-son qaroriga muvofiq, yoshga doir nafaqa:
▪️ ayollarga 60 yoshdan;
▪️ erkaklarga 65 yoshdan;
▪️ bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor yoki bo‘lgan onalarga 55 yoshdan tayinlanadi.
2026-yil 1-iyuldan zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa oyiga 878 000 so‘m etib belgilangan.
✅ Nafaqa olish uchun - Davlat xizmatlari markazi, «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi yoki my.gov.uz orqali murojaat qilish mumkin.
Xulosa qilib aytganda, 7 yildan kam ish stajiga ega shaxsga yoshga doir pensiya tayinlanmaydi. Bunday fuqaro qonunda belgilangan yoshga yetgach, pensiya emas, yoshga doir nafaqa olish huquqiga ega bo‘ladi.
English
Русский
Francais
Deutsch
Spain
