Samarqand davlat chet tillar instituti

 
 
Oʼzbekistonning Germaniyadagi elchixonasi tashabbusi bilan yurtimiz 2020-yildan boshlab Germaniya Bundestagi «Xalqaro parlament stipendiyasi» (IPS) dasturiga kiritilgan.
 
IPS Bundestag Prezidentining homiyligida olib boriladi va 40 ga yaqin davlat vakillarining Germaniyada 5 oylik malaka oshirishini taʼminlaydi. Uning ishtirokchilari Germaniyadagi parlament tizimi, qonun hujjatlari va siyosiy qarorlar jarayoni bilan tanishadilar turli seminar, uchrashuv va amaliy mashgʼulotlarda ishtirok etadilar. 
 
Dastur ishtirokchilari Bundestag tomonidan Germaniya chet el diplomatiya vakolatxonalari orqali 30 yoshgacha boʼlgan iqtidorli va istiqbolli yoshlar orasidan tanlab olinadi. 
 
Joriy yildagi IPS-2020 dasturida 36 mamlakatdan 106 nafar vakil ishtirok etdi.
 
Oʼzbekistonda birinchi marta oʼtkazilgan tanlov natijalariga koʼra, Samarqand davlat chet tillar instituti magistranti Jamshid Karimov, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining bitiruvchisi Mahkam Hamidov hamda ushbu universitetning yuqori diplomatiya maktabi bosh mutaxassisi Shahboz Yodgorovlar 2020-yil mart-iyul oylarida IPS dasturida ishtirok etish huquqini qoʼlga kiritdi. 
 
Joriy yil 1-martdan boshlab mamlakatimiz vakillari Germaniya poytaxti Berlinda IPS doirasida amaliyot oʼtashni boshladi. Biroq mart oyining oʼrtalarida koronavirus pandemiyasi boshlanishi munosabati bilan dasturning belgilangan cheklovlar talablariga baʼzi oʼzgarishlar kiritildi. 
 
Hamyurtlarmiz IPS sertifikatlarini qoʼlga olishdi va 23-iyul kuni charter reys bilan Toshkentga qaytib kelishdi.

Manba: Axborot xizmati
Share:
2020-07-24 20:55:00 109