Kafedraning hamkorlik aloqalari
Ingliz tili kafedrasi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan akademik hamkorlik, tajriba almashish, ilmiy stajirovkalar, seminar-treninglar va qo‘shma loyihalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratadi.
2025-yil 17–27-fevral kunlari kafedra mudiri Obruyeva G.X., Buranova M.U., Rustamova Sh.A. va Asadova Ch.S. Malayziyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri — Malaya Universitetiga akademik tashrifni amalga oshirdilar. Tashrif davomida ma’ruzalar, muhokamalar, professor-o‘qituvchilar bilan interaktiv sessiyalar hamda O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi akademik va madaniy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tadbirlar tashkil etildi.

University of Malaya bilan ilmiy-amaliy hamkorlik doirasidagi seminar
Ingliz tili kafedrasi xalqaro akademik hamkorlik doirasida University of Malaya bilan ilmiy-uslubiy aloqalarni izchil rivojlantirib kelmoqda. Ushbu hamkorlikning amaliy natijasi sifatida 2025-yil 13-dekabr kuni Samarqand davlat chet tillar instituti Xorijiy tillar fakulteti binosida “Timeless Leadership: Values, Vision, and the Future of Global Talent” mavzusida xalqaro seminar tashkil etildi.
Seminarda Dr. Nurul Huda Hamzah, University of Malaya professori, Gulchexra Obruyeva, Samarqand davlat chet tillar instituti professori, hamda Madina Buranova, Samarqand davlat chet tillar instituti dotsenti, ma’ruzachi sifatida ishtirok etdilar. Tadbirda zamonaviy yetakchilik, qadriyatlarga asoslangan boshqaruv, global iste’dodlarni shakllantirish, xalqaro ta’lim tajribasi va akademik hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Mazkur seminar kafedraning xalqaro hamkorlik salohiyatini kengaytirish, xorijiy professorlar bilan ilmiy muloqotni mustahkamlash hamda talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun zamonaviy global ta’lim tendensiyalarini o‘rganishga xizmat qildi.

Kafedra Qozog‘iston oliy ta’lim muassasalari bilan ham faol hamkorlik olib bormoqda. 2025-yil yanvar oyida Samarqand davlat chet tillar instituti va E. Buketov nomidagi Karaganda universiteti o‘rtasida imzolangan “Yo‘l xaritasi” doirasida ilmiy stajirovkalar, seminarlar, mahorat darslari, qo‘shma loyihalar, akademik mobillik hamda qo‘sh diplomli ta’lim dasturlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, 2025-yil 12–15-dekabr kunlari kafedra dotsenti v.b., PhD Rasulova Sohiba Ulug‘bekovna Muxtor Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universitetida xalqaro ilmiy stajirovkada ishtirok etdi. Stajirovka davomida xalqaro akkreditatsiya, universitet reytinglari, innovatsion ta’lim texnologiyalari, o‘quv dasturlari sifati va zamonaviy o‘qitish yondashuvlari bo‘yicha seminarlar tashkil etildi. Delegatsiya vakillari tomonidan 14 soatlik ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya
Ingliz tili kafedrasi ilmiy-uslubiy faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarni tashkil etish va ularda faol ishtirok etishdir. 2025-yil 9-aprel kuni Samarqand davlat chet tillar institutida “Innovations in Language Teaching, Learning and Assessment” — “Tilni o‘qitish, o‘rganish va baholashdagi innovatsiyalar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi. Konferensiya Samarqand shahri, Gagarin ko‘chasi 43-uyda joylashgan Samarqand davlat chet tillar instituti Sharq tillari fakulteti binosida o‘tkazildi.
Konferensiyada AQSH, Kanada, Turkiya, Misr, Tojikiston, Rossiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlardan mutaxassislar, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdilar. Asosiy ma’ruzachilar qatorida Jennifer Musser, Louis Train, Dr. Giuseppe Chiaramonte, Bayram Bilir, Ahmed Mahmoud Ahmed Muhammad, Bakhtiyor Burievich Davronov va Nadezhda Pavlovna Shirokova kabi xorijiy va mahalliy mutaxassislar qatnashdilar.
Anjuman doirasida til o‘rganishda innovatsion yondashuvlar, til o‘qitish usullari, pedagogikadagi yangiliklar, baholash amaliyoti, lingvistik tadqiqotlar, raqamli ta’lim, sun’iy intellekt, gamifikatsiya va kommunikativ kompetensiyani rivojlantirish kabi masalalar muhokama qilindi.
Konferensiyada quyidagi asosiy sho‘balar faoliyat olib bordi:
- Til o‘rganishda innovatsion yondashuvlar va o‘zlashtirish usullari
- Til o‘qitish usullari va pedagogikada innovatsiyalar
- Til qobiliyatlarini baholash va tahlilda rivojlanishlar
- Tilshunoslikda tadqiqot va rivojlanish yo‘nalishlari
Shuningdek, konferensiya doirasida Jennifer Musser tomonidan “Empowering Students as Autonomous Learners: Strategies for Independent Learning” mavzusida hamda Dr. Giuseppe Chiaramonte tomonidan “A Holistic Approach to Enhancing Grading Practices” mavzusida workshop treninglar tashkil etildi. Ushbu seminar-treninglar talabalar mustaqil ta’limini rivojlantirish, raqamli vositalardan foydalanish, tanqidiy fikrlashni kuchaytirish va baholash amaliyotini takomillashtirishga qaratildi.
Mazkur xalqaro konferensiya Ingliz tili kafedrasining ilmiy salohiyatini oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, professor-o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilarning ilmiy faolligini kuchaytirish hamda zamonaviy til ta’limi bo‘yicha ilg‘or tajribalarni ommalashtirishga xizmat qildi.


English
Русский
Francais
Deutsch
Spain
