Samarqand davlat chet tillar institutida talaba-yoshlarning bo’sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida qator tizimli ishlar yo’lga qo’yilgan. Shu munosabatda Sharq tillari fakultetida “Xalqaro xitoy tili kuni”ga bag’ishlab, Xitoy Xalq Respublikasining O’zbekistondagi elchixonasi, Samarqand davlat chet tillar instituti qoshidagi Samarqand Konfutsiy instituti va Sharq tillari fakulteti hamkorligida “Xitoycha qo’shiqlar tanlovi” o’tkazildi.
Bu muhim kun BMT tomonidan Xitoy bilan xalqaro do'stlik doirasida tashkil etilgan bo’lib, 20-aprel “Xalqaro xitoy tili kuni” sifatida 2010-yildan buyon nishonlanib kelinadi.
Tanlovni Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Ilhomjon To’xtasinov kirish so’zi bilan ochib berib, Xitoy tili yo’nalishida tahsil olayotgan barcha talabalar va ta’lim berayotgan o’qituvchilarni ushbu kun bilan tabrikladi. Shu bilan birga hozirgi kunda O’zbekiston va Xitoy o’rtasidagi hamkorlik aloqalari izchil rivojlanayotganligi va ikki davlat o’rtasidagi do’stona munosabatlar uzluksiz mustahkamlanib borilayotganligini ta’kidlab o’tdi.
Jarayon davomida Samarqand davlat chet tillar instituti qoshidagi Samarqand Konfutsiy instituti direktori Li Chen Xu ham so’zga chiqib, barcha xitoy tili o’rganuvchilarni bugungi “Xalqaro xitoy tili kuni” munosabati bilan chin yurakdan qutladi.
Tadbir ko’tarinki ruhda davom etib, 12 nafar talaba o’zaro bellashishdi. Talabalarning istedodi hakamlar tomonidan baholab borilib, natijalarga ko’ra 1-o’rinni xitoy tili yo’nalishi 2117-guruh talabasi Normahmadova Malika, 2-o’rinni 2127-guruh talabasi Vlad Rajkov va 220-guruh talabasi Negmatova Azizalar, 3-o’rinni 2111-guruh talabasi Abdullayeva Shalola, 328-guruh talabasi Abdujalolova Maftuna va 207-guruh talabasi Eshquvvatova Faridalar qo’lga kiritishdi. Tadbir so’ngida barcha g’oliblar va ishtirokchilar qimmatbaho sovg’alar bilan taqdirlanishdi.

SamDCHTI Axborot xizmati
English
Русский
Francais
Deutsch
Spain
