Samarqand davlat chet tillar instituti talabalari Malayziyaning “City University of Malaysia” Universitetida o‘qishini davom ettiradi

Samarqand davlat chet tillar instituti xorijiy oliygohlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish borasida mintaqada yetakchi oliygoh bo‘lib kelmoqda desak, mubolag‘a emas. Negaki, bugungi kunga qadar institut 100 ga yaqin nufuzli xorijiy oliygohlar bilan xalqaro hamkorlik aloqalarini davom ettirib kelmoqda. Malayziya oliygohlari va ta’lim tashkilotlari ham shular jumlasidandir.

Xabaringiz bor, Samarqand davlat chet tillar instituti bir necha yillardan buyon Malayziyaning “City University of Malaysia” Universiteti bilan ta’lim sohasida mustahkam xalqaro hamkorlik aloqalarini davom ettirib kelmoqda. Jumladan, ikkala oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikda “Filologiya va tillarni o‘qitish (ingliz tili)” hamda “Gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati (ingliz tili)” ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda mazkur ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar ikkinchi bosqichni muvaffaqiyatli yakunlashdi. Endilikda talabalar 2-, va 3-bosqichni Malayziyaning “City University of Malaysia” Universitetida davom ettirashdi.

Bugun, 26-iyul kuni yuqoridagi masalalar yuzasidan ikkala oliy ta’lim muassasalarining mas’ullari ishtirokida Samarqand davlat chet tillar institutida rasmiy uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuv davomida amalga oshirilayotgan qo‘shma ta’lim dasturi holati, sentabr oyida talabalarni Malayziyaning “City University of Malaysia” Universitetiga yuborish, u yerda talabalarni turar joy bilan ta’minlash, viza masalalari, keyingi bosqichga tavsiya etilmagan talabalar uchun (qayta tayyorlash maqsadida) til kurslarini tashkil etish, institutda “Malayziya tili va madaniyati” markazini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Shundan so‘ng ikkala oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikda “Filologiya va tillarni o‘qitish (ingliz tili)” hamda “Gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati (ingliz tili)” ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda Malayziyaning “City University of Malaysia” Universitetida talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, o‘quv jarayonlari, ta’lim yo‘nalishlari, talabalar turar joylari, kutubxonalar hamda turli xil til kurslarining mavjudligi haqida batafsil ma’lumotlar berib o‘tildi.

SamDCHTI Axborot xizmati

 

 

Share:
2022-07-26 18:14:28 895