O‘ZBEKISTON-XITOY TA’LIM FORUMINING IKKINCHI KUNIDA 40 TA SHARTNOMA IMZOLANDI

Ayni kunlarda Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston-Xitoy ta’lim forumi 23-yanvar kuni Xitoyning Tyanszin shahrida davom etdi. 

Tyankay Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar texnoparkining katta majlislar zalida yurtimizning qator oliy ta’lim muassasalari rahbarlari hamda Tyanszin shahrida faoliyat yuritayotgan universitetlar rektorlari va prorektorlari ishtirok etdi.

Tadbirni Syanzin shahar qo‘mitasining ta’lim bo‘yicha ishchi qo‘mitasi kotibi Lyu Iman hamda O‘zbekiston milliy universiteti rektori Inomjon Majidov ochib berdi.

Tadbir davomida Tyanszindagi ta’lim bo‘yicha taqdimot bo‘lib o‘tdi. Taqdimotda resurslarni to‘g‘ri taqsimlash, professional ta’lim tizimini rag‘batlantirish, “Lu Ban” ustaxonasini O‘zbekistonda ochish, Tyanszindagi ilg‘or texnologik laboratoriyalar to‘g‘risida so‘z yuritildi. Shuningdek, Tyanszinda bo‘lib o‘tadigan ikkinchi jahon professional ta’lim konferensiyasiga barcha respublika OTM ishtirok etish uchun taklif etildi.

Forumda Syanzin davlat universiteti prorektori Ma Sinbin, Qarshi davlat universiteti prorektori Ilhom Bekpo‘latov, Tyanszin chet tillari universiteti rektori Chen Fachun, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Baxtiyor Mahkamov, Tyanszin qishloq xo‘jaligi instituti prorektori Chjan Min, Jizzax politexnika instituti rektori Alisher Usmonqulov ma’ruza qildilar. Ularning taqdimotlari  turli soha va ta’limning AKT, muhandislik, gumanitar fanlar, iqtisodiyot, til o‘qitish, ta’lim bilan ishlab chiqarishni uyg‘unlashtirish kabi qator yo‘nalishlarini qamrab oldi.

Tadbir natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston va Tyanszin shahrida joylashgan OTMlar o‘rtasida turli sohalarga doir 40 ta ikki tomonlama shartnoma imzolandi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot orqali qator kelishuvlarga erishildi.

O‘zbekiston-Xitoy ta’lim forumi Tyanszinda ta’lim olayotgan talabalar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar bilan yakunlandi.

Delegatsiya a’zolari Tyanszin pedagogika, Tyanszin politexnika universiteti va Syanzin texnologiyalar universitetiga tashrif buyurib, oliygohlarning o‘quv va ilmiy laboratoriyalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar bilan ta’limning turli yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi, shuningdek, Tyanszin chet tillar universitetida tashkil etilgan Pekin muzeyi va madaniy meros ko‘rgazmasida bo‘lib, Xitoy an’analari va urf-odatlari bilan yaqindan tanishdi. Bundan tashqari, ta’lim va innovatsiyalarni uyg‘unlashtirish strategiyasining muhim tarkibiy qismi hisoblangan Tyankay oliy ta’lim innovatsion parkiga ham tashrif bo‘ldi.

SamDCHTI Axborot xizmati

Share:
2024-01-24 16:00:16 169