SamDCHTI rektori Bahodir Xoliqovning davlat bayrog'i qabul qilinganiga 33 yil bo'lgani munosabati bilan birldirgan tabrigi

Assalomu alaykum, qadrli hamkasblar, hurmatli talabalar!

Bundan 33 yil muqaddam mamlakatimiz siyosiy hayotida muhim oʻrin egallagan davlatimiz ramzlaridan biri bo’lgan qutlugʻ bayrogʻimiz toʻgʻrisidagi O’zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi.  

Qadimiy davlatchilik tarixiga ega boʻlgan ajdodlarimiz oʻz bayrogʻini erk va ozodlik, kuch-qudrat, jasorat va gʻalaba timsoli sifatida muqaddas bilishgan. Uni bosh uzra mag’rur koʻtarib, ardoqlashgan. 

Dunyoda ikki yuzdan ortiq davlat bor va har bir mamlakatning oʻz bayrogʻi mavjud boʻlib, oʻsha mamlakat xalqining milliy qadriyatlaridan kelib chiqib rang va timsollarni oʻzida aks ettiradi. Bizning bayrog’imizda ham ajdodlarning orzu-umidlari, xalqimizning kelajakka bo’lgan ishonchi, kelajak avlodning porloq istiqboli timsollar yordamida singdirilgan.  

Jahon arenalarida magʻrur hilpirab turgan muqaddas bayrogʻimiz hech kimdan kam emasligimiz va kam boʻlmasligimizdan dalolat beradi.

Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasining xorijiy mamlakatlardagi rasmiy tashriflari davomida bayrogʻimiz oʻsha yurt koʻchalarini bezaydi, xalqaro tadbirlarda hilpirab turadi. Ayniqsa, turli sport musobaqalarida gʻoliblikka erishgan yigit-qizlarimiz sharafiga madhiyamiz yangrab, yurt bayrogʻi baland koʻtarilgan lahzalarda yuragimizda Vatan tuygʻusi joʻsh uradi, qalbimiz iftixorga toʻladi. 

Yurtimizdagi bayram shodiyonalari, tantanalari chogʻida koʻchalarimiz, bogʻ va xiyobonlarimiz, muhtasham binolarimiz uzra hilpirab turgan muqaddas bayrogʻimizga boqib qalbimizdagi shukronalik ortadi. 
Qonunlarimizda belgilanganidek, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek, Oʻzbekistonda yashaydigan boshqa shaxslar davlat ramzlarini hurmat qilishlari lozimdir. 

Muhtaram ustozlar, hurmatli hamkasblar, yurtimiz kelajagi boʻlmish aziz yoshlar! 

Mazkur qutlugʻ sana munosabati bilan barchangizni tabriklayman. Mamlakatimiz bayrogʻi doimo baland va magʻrur hilpirab tursin, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo boʻlsin! Har biringizning oilangizga tinchlik-xotirjamlik, xonadoningizda qut-baraka, oʻqish va ishlaringizga rivoj tilayman.

Hurmat bilan,  Samarqand davlat chet tillar 
instituti rektori B.XOLIQOV.

Share:
2024-11-18 18:07:29 293