Bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash yuzasidan uchrashuv o’tkazildi

Samarqand davlat chet tillari institutida bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish hamda bu boradagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.

Uni institut rektori Bahodir Xoliqov olib bordi. Uchrashuvda bank-moliya sohasi vakillari ham ishtirok etib, bitiruvchilar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, imtiyozli kreditlar va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan dasturlar haqida atroflicha ma’lumot berishdi.

Xususan, “O‘zmilliybank” AJ Samarqand viloyati Bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Mirzahmedov, “O‘zsanoatqurilishbank” Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Alisher Bahromov, “Turonbank” Samarqand bank xizmatlari markazi rahbari o‘rinbosari Musulmon Shoimov hamda “Turonbank” ATB Respublika matbuot kotibi Shohrux Qo‘shqarov o‘z so‘zlarida bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash, ularning biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash hamda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun bank tizimi tomonidan yaratilgan qulay sharoitlar haqida fikr yuritishdi.

Tadbirda 2026-yil 24-fevral kuni yoshlar bilan o‘tkazilgan muloqotda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yoshlar tadbirkorligini yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muhim tashabbuslar ilgari surilgani alohida ta’kidlandi. Jumladan, yoshlar uchun ajratiladigan imtiyozli kreditlarning foiz stavkasi 14 foiz etib belgilanishi hamda ushbu yo‘nalishga yo‘naltiriladigan kredit mablag‘lari hajmini 300 million AQSh dollarigacha oshirish belgilab berilgani qayd etildi.

Shuningdek, ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanish maqsadida institut tomonidan kelgusida ham bitiruvchilarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, ularni imtiyozli kredit mablag‘laridan foydalanishga yo‘naltirish hamda har chorakda kamida 1 milliard so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit mablag‘larini o‘zlashtirishga ko‘maklashish rejalashtirilgani ma’lum qilindi. “Kelajakka qadam” tadbirida faol ishtirok etgan talabalar “Turonbank” ATB mas’ullari tomonidan taqdirlanishdi.

Tadbir yakunida institut hududida “Turonbank” ATB tomonidan avtomobil orqali bank xizmatlarini ko‘rsatadigan “Tezkor ofis” faoliyati tashkil etildi. Mazkur mobil xizmat talabalar hamda institut jamoasi uchun bank xizmatlaridan tezkor va qulay foydalanish imkonini yaratdi.

Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati

 

Share:
2026-03-19 13:39:52 14