SamDCHTI rektori Boku shahrida “Yangi davrda Ozarbayjon” xalqaro ilmiy konferensiyasida ma’ruza qildi

Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Bahodir Xoliqov Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida o‘tkazilgan “Yangi davrda Ozarbayjon” nomli xalqaro ilmiy konferensiyada ishtirok etdi hamda “Yangi davrda ta’lim, til va madaniy muloqot: Samarqand va Boku — intellektual ko‘priklar sifatida” mavzusida ma’ruza qildi.

Boku Slavyan universitetida tashkil etilgan mazkur nufuzli anjuman ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi Haydar Aliyev tavalludining 103 yilligiga bag‘ishlandi. Konferensiyada Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi rahbariyati va deputatlari, Ozarbayjon Respublikasi Fan va ta’lim vazirligi mas’ullari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, olimlar, tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etishdi.

Institut rektori o’z ma’ruzasida Haydar Aliyev merosining zamonaviy davlatchilik, ta’lim, madaniyat, til, inson kapitali va strategik tafakkur bilan uzviy bog‘liqligini alohida ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarini bog‘lab turuvchi tarixiy, madaniy, lisoniy va ma’naviy aloqalar turkiy dunyo tarixi, islom sivilizatsiyasi, Buyuk ipak yo‘li, ilm-fan, adabiyot, savdo va diplomatiya an’analariga borib taqalishi qayd etildi.

Ma’ruzada Samarqand va Boku shaharlarining mintaqalararo ilmiy-madaniy muloqotdagi o‘rni alohida yoritildi. Ta’kidlanganidek, Boku Kaspiybo‘yi mintaqasi, Kavkaz, turkiy dunyo va Yevropa o‘rtasidagi muhim ko‘prik bo‘lsa, Samarqand Buyuk ipak yo‘lining buyuk intellektual va madaniy markazlaridan biridir. Har ikki shahar xalqlar, tillar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni ifoda etadi.

Ma’ruzada SamDChTIning bugungi rivojlanish bosqichi, xalqaro institutsional akkreditatsiya, xalqaro reytinglardagi ishtiroki, ilmiy-tadqiqot faoliyati, raqamli infratuzilmani modernizatsiya qilish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasidagi ishlar haqida ham ma’lumot berildi.

Institut rektori B.Xoliqov O‘zbekiston va Ozarbayjon oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik faqat memorandumlar bilan cheklanib qolmasligi, balki aniq natijalarga yo‘naltirilgan strategik intellektual hamkorlikka aylanishi zarurligini qayd etdi. Shu munosabat bilan professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma seminarlar, qiyosiy tilshunoslik, turkiyshunoslik, tarjimashunoslik, madaniyatlararo kommunikatsiya va til ta’limi metodikasi bo‘yicha qo‘shma tadqiqot guruhlarini tashkil etish, shuningdek, Samarqand va Bokuda navbatma-navbat yillik O‘zbekiston–Ozarbayjon akademik forumini o‘tkazish takliflari ilgari surildi.

Anjuman doirasidagi ishtirok SamDChTI uchun O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ilmiy-akademik aloqalarni yanada mustahkamlash, til, madaniyat va ta’lim sohalarida yangi hamkorlik loyihalarini rivojlantirish hamda Samarqand va Boku o‘rtasida bilim, do‘stlik va madaniy muloqot ko‘priklarini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

 

Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati

Share:
2026-05-11 17:18:22 22