Institutning professor-o‘qituvchilari Qozog‘istonda ilmiy seminarda ishtirok etishadi

Samarqand davlat chet tillar institutining bir guruh professor-o‘qituvchilari Qozog‘iston Respublikasining M. Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston tadqiqot universitetida bo‘lib o‘tadigan xalqaro ilmiy seminarda ishtirok etishadi.

Safar oldidan institut rektori B.Xoliqov Qozog‘istonga yo‘l olayotgan professor-o‘qituvchilar bilan uchrashdi. Rektor mazkur tashrifning institut xalqaro hamkorligini kengaytirishda, ilmiy-pedagogik aloqalarni mustahkamlash hamda professor-o‘qituvchilarning akademik tajriba almashinuvida muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Shundan so‘ng safar davomida qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

Ta’kidlash joizki, mazkur tashrif Janubiy Qozog‘iston tadqiqot universiteti huzuridagi “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” ilmiy-tadqiqot instituti “Tarix va etnologiya” ilmiy markazi taklifiga asosan amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning 14–15-may kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan ilmiy seminar “Gumanitar tadqiqotlarda fanlararo aloqalar: hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun amaliy ko‘nikmalar va natijalar” mavzusiga bag‘ishlanadi. Unda SamDChTIning “Ingliz tilining nazariy aspektlari” kafedrasi professor-o‘qituvchilari zamonaviy ta’lim jarayoni, xorijiy tillarni o‘qitish metodikasi, raqamli ta’lim vositalari, kommunikativ yondashuv hamda ikkinchi tilni o‘zlashtirish nazariyalari bo‘yicha o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishadi.

Shuningdek, institut vakillarining M. Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston tadqiqot universiteti rahbariyati bilan uchrashuvi ham rejalashtirilgan. Unda ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ilmiy-pedagogik hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, akademik almashinuv hamda kelgusidagi hamkorlik loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilinadi.

Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati

Share:
2026-05-14 10:48:31 30