Qalamingiz o‘tkir, soʻzingiz taʼsirchan boʻlsin!

Assalomu alaykum, hurmatli Xalqaro jurnalistika ta'lim yoʻnalishi talabalari – bo‘lg‘usi jurnalistlar va ularning muhtaram ustozlari, qalamkash hamkasblar!

Sizlarni jamiyatimiz hayotida ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini mustahkamlashga, soʻz erkinligini taʼminlashga xizmat qilayotgan qutlug‘ ayyom – 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!

Bugun dunyo shiddat bilan o‘zgarayotgan, axborot oqimi har soniyada yangilanayotgan davrda zamonaviy jurnalistika, xususan, xalqaro jurnalistika sohasi har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mamlakatimiz taʼlim tizimida oʻz oʻrniga ega boʻlgan institutimiz nafaqat xorijiy til mutaxassislari, tilshunos va tarjimonlar, balki milliy axborot makonimiz uchun global fikrlaydigan, keng dunyoqarashli, jahon minbarlarida O‘zbekiston ovozini yangrata oladigan yetuk xalqaro jurnalist kadrlarni tayyorlashda ham faol ishtirok etayotganidan faxrlanamiz.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yilgi soha xodimlariga yoʻllagan bayram tabrigida jurnalistikaning jamiyat rivojidagi oʻrniga yuksak baho berib, shunday taʼkidladi:

"Biz erkin va masʼuliyatli, xalqchil jurnalistikani jamiyat va davlat rivojlanishining zarur shartlaridan biri deb bilamiz. Men mamlakat rahbari sifatida milliy ommaviy axborot vositalarimiz davlat va jamiyat oʻrtasida mustahkam koʻprik vazifasini bajarish barobarida xalqimizni umummilliy manfaatlar asosida birlashtiradigan, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimizni ezgu maqsadlar sari yetaklaydigan qudratli maʼnaviy kuchga aylanishi uchun barcha yordam va ko‘makni ko‘rsatishga doimo tayyorman." Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ushbu yuksak vazifalar bugun taʼlim maskanlarimiz, xususan, professor-oʻqituvchilarimiz zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklaydi.

Axborot olamida turli xil yolg‘on xabarlar koʻpaygan hozirgi davrda talabalarimizga manbalar bilan ishlash, adolat tamoyillariga amal qilish, tezkorlik, xolislik va chuqur tahlil sirlarini o‘rgatayotgan fidoyi professor-o‘qituvchilarimizga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

Aziz talabalar va qadrli bitiruvchilar!

Siz – ertangi kunimiz ijodkorlari, oʻzbek jurnalistikasini xalqaro darajaga olib chiquvchi ulkan kuchsiz. Institutda olgan bilimlaringiz, chet tillarini mukammal egallaganingiz sizga jahon media maydonida dadil qadam tashlash imkonini beradi.

Bugungi sana munosabati bilan sohaning barcha vakillarini, muhtaram ustozlarimizni, ijodkor hamkasblarimizni va jurnalistika sirlarini oʻrganayotgan iqtidorli yoshlarimizni, bitiruvchilarimizni kasb bayramlari bilan yana bir bor qutlayman! Qalamingiz o‘tkir, soʻzingiz taʼsirchan boʻlsin!

Sizlarga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, ijodiy ilhom, sharafli va masʼuliyatli faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman!

Hurmat bilan Bahodir Xoliqov,
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori

Share:
2026-06-27 11:29:44 51